“Men gʻolib” shiori ostida o‘tkazilgan “Qurolsoz usta” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi

0
2029

“Forish” dala-oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Men gʻolib” shiori ostidagi armiya oʻyinlarining “Qurolsoz usta” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi.

Besh kun davomida okruglardan tashrif buyurgan jami beshta jamoalar beshta bosqich boʻyicha bellashdi. Tanlovning birinchi bosqichi artilleriya qurolini taʼmirlash boʻyicha shart bajarildi. Mazkur bosqichda ishirokchi jamoalar ushbu artilleriya qurolini qismlarga ajratish va yigʻish, marshni amalga oshirish, minali-portlovchi toʻsiqlardan oʻtish kabi talablarni bajardilar.

Keyingi shartlarda zenit qurilmasi, jangovar mashina ta’mirlandi. Shuningdek, “Qurollar biatloni” bo‘yicha ham jamoalar o‘tasida estafeta o‘tkazildi. 

Musobaqa davomida shunga amin boʻlish mumkinki, mazkur bosqichga qadar yetib kelgan jamoalar tanlovda birinchilikni qoʻlga kiritish uchun puxta tayyorgarlik olib borishgan. Buni bir biridan qiziqarli shartlarning yakuniy natijalaridan ham bilib olish mumkin. Misol uchun “Qurolsoz usta” musobaqasining eng qiziqarli va intrigaga boy shartlaridan biri boʻlmish beshinchi — “Taʼmirlash vzvodlari kompleks estafetasi” bosqichida jamoalar toʻrtta bosqichda bajargan amallarni umumlashtirgan holda qisqa vaqtda, jarima ballarisiz estafeta shartidan o‘tish kerak. Jamoalar jarayon davomida mazkur shartni ham qoyilmaqom tarzda bajarib, oʻz mahoratini yana bir karra isbotladi.

“Qurolsoz usta” musobaqasining yakuniy natijalariga koʻra, uchinchi oʻrinni Toshkent harbiy okrugi hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug, ikkinchi oʻrinni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug va Sharqiy harbiy okrug jamoalari qoʻlga kiritgan boʻlsa, birinchilikni Markaziy harbiy okrugi jamoasi egalladi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti