“Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolarining maqsad va vazifalari boʻyicha oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi

0
1544

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Ichki ishlar, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari hamda Milliy hvardiya qoʻshma qaroriga asosan bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida “Qalqon” jamoatchilik guruhlari tashkil etilgan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan “Yoshlar markazi” binosida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tashabbusi bilan “Qalqon” jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida oʻquv seminar tashkil etildi.

Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatida mavjud 12 ta davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridagi 240 nafar talaba yoshlar “Qalqon” jamoatchilik kengashi aʼzoligiga saralab olingan. Ular oʻzlari ta’lim olayotgan muassasa yoshlari oʻrtasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan turli tartibsizliklarning oldini olishlari bilan birga, barchaga taʼlim va tarbiyada ham oʻrnak boʻlishlari nazarda tutilgan.

Tadbir davomida ana shu kabi mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Jamoatchilik nazorati boʻyicha atroflicha maʼlumotlar berildi. Kengash aʼzolarining tengdoshlarida harbiy-vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlashlari borasida harbiy xizmatchilar tomonidan maʼruzalar qilindi. Faoliyatlarida foydalanishlari uchun tarqatma materiallar, bukletlar topshirildi. Mavzuga oid videoroliklar namoyish etildi.

Ishtirokchilar ham oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish, muddatli harbiy xizmatni oʻtash borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi.