“Sazagan”da “Merganlar marrasi” musobaqasi yakunlandi

0
2077

Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-oʻquv maydonida “Men gʻolib” shiori ostidagi tashkil etilgan “Merganlar marrasi” musobaqasi yakuniga yetdi. Musobaqa shartlariga koʻra, besh kun davomida ishtirokchi jamoalar “Individual mahorat” hamda “Jamoa birinchiligi” bosqichlari boʻyicha bahs olib bordi.

Xususan, bosqichlar doirasida “Sinovga oʻq uzish”, “Noqulay holatlarda oʻq uzish”, “Oʻzingnikini top”, “Kvalifikatsiya”, “Piramida”, “Mergan hujumda va mudofaada” hamda “Moʻljalga olish nuqtasini oʻzgartirgan holda oʻq uzish” kabi tungi sharoitda yakka va juft tarzda nishonlarni belgilangan vaqt oraligʻida yakson qilish hamda jamoaviy estafeta kabi sinovlar qabul qilindi.

“Merganlar marrasi” musobaqasining yakuniy natijalariga koʻra, “Eng ilgʻor mergan” nominatsiyasi boʻyicha uchinchi oʻrinni — Toshkent harbiy okrugi, ikkinchi oʻrinni — Sharqiy harbiy okrugi qoʻlga kiritgan boʻlsa, birinchilik Markaziy harbiy okrug merganiga nasib etdi. Umumjamoa hisobida ham birinchilik Markaziy harbiy okrug jamoasiga nasib etdi.

Taqdirlash marosimida nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topilgan ishtirokchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati