Nukus garnizonida qoraqalpoq tiliga ehtirom koʻrsatildi

0
927

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligining 34 yilligiga bagʻishlab tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti “Qoraqalpoq tili” fakulteti oʻqituvchisi Allabay Tursunbayev hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari davlat madhiyalarini joʻr boʻlib kuylashdan boshlangan tadbirni harbiy okrug qoʻmondoni tantanali ochib, barchani muhim sana munosabati bilan muborakbod etdi. Qoraqalpoq tilining uzoq tarixi, davlatimiz tomonidan bugungi kunda unga boʻlgan yuksak eʼtiborni eʼtirof qildi.  

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti “Qoraqalpoq tili” fakulteti oʻqituvchisi Allabay Tursunbayev oʻz nutqida qoraqalpoq tili tarixi, shakllanish bosqichlari, huquqiy asoslari haqida maʼruza qildi.

Taʼkidlash joiz, qoraqalpoq xalqining etnik shakllanishi miloddan avvalgi VII-IV asrlarda Amudaryo deltasi va Orol, Kaspiy boʻyi choʻllarida istiqomat qilgan sak-massaget hamda savromat-sarmat qabilalariga borib taqaladi. Asrlar davomida shakllangan qoraqalpoq tili 5 bosqichli davrni bosib oʻtdi. Soʻnggi bocqichida qipchoqlar bilan bir qatorda mangʻit, qiyat, qoʻngʻirot, nayman, katagan kabi katta urugʻ birlashmalari tashkil etildi va XV-XVI asrlarda qoraqalpoq ulusi tuzildi. Oʻsha davrda Orol dengizi atrofida, Jayxun va Sayxun daryolari boʻyida qoraqalpoqlar xalq boʻlib shakllanib, oʻzining hududiga, tili va madaniyatiga ega boʻldi. 1989-yil 1-dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston respublikalarining Kostitutsiyalarida qoraqalpoq tili davlat tili etib belgilandi.

Nukus garnizonidagi harbiy qism va muassasalarda ham sana munosabati bilan tadbirlar tashkil etildi. Xususan, harbiy qism kutubxonasida Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti “Kitobsevarlar klubi” aʼzolari ishtirokida adabiy-badiiy kecha uyushtirildi. Kechada, qoraqalpoq adabiyotining boy ijodiy merosi tilga olinib, taniqli shoir va yozuvchilarning asarlaridan parchalar keltirildi. Ikki qardosh xalqning yoshlarini bir davraga jamlagan tadbir samimiy ruhda oʻtdi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi shahardagi 22- va 44-sonli umumtaʼlim maktablarida til bayramiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etib, bir yurtda ogʻa-ini boʻlib yashayotgan qoraqalpoq xalqiga oʻz hurmatini musiqiy chiqishlari bilan izhor etishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati