TEMUR VA TEMURIYLAR QO‘SHINIDA HARBIY KADRLAR

0
1112

Xalqimiz orasida “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”, degan purma’no ibora bor. Darhaqiqat, garchi biz hozir texnika asrida yashayotgan bo‘lsak-da, yosh avlod tarbiyasida shonli tariximiz muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘tmishi, ota-bobolari, ajdodlari kim bo‘lgan, qanday ishlar qilganligini bilmay turib, inson kelajak haqida to‘g‘ri rejalar tuzolmaydi. Shu sababli, har bir inson, u qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, xalqining tarixini bilmog‘i, uni chuqur o‘rganmog‘i shart va zarurdir. 

Amir Temur hayoti davomida adolat, tenglik, halollik, insonparvarlik va ma’rifatparvarlik kabi ezgu va umumbashariy g‘oyalarni targ‘ib qildi, ularni o‘zi uchun tamoyil qila bildi. Yana eng muhim jihati shundaki, islom dinini har yerda va har vaqt qo‘llab-quvvatladi. 

Sohibqiron umri davomida jamiyatning barcha tabaqa va a’zolari, jumladan, ilm ahlidan hamisha xabardor bo‘ldi: “…sayyidlar, ulamo, mashoyixlar, oqil-u donolar, muhaddislar, tarixchilarni sara, e’tiborli odamlar hisoblab, izzat-u hurmatlarini o‘rniga qo‘ydim. Shijoatli kishilarni do‘st tutardim, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi. Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Bularning himmatlaridan ulush tilab, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qildim. Darvish, faqir va miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va biron talablarini rad etmadim…”

Shuning uchun ham o‘sha davrda ilm-fan va maorif rivojlandi. Sohibqirondan keyin temuriy shahzodalar bu yo‘lda salmoqli ishlarni amalga oshirdi. 

Temuriy shahzodalar orasida Mirzo Ulug‘bek o‘zining ilm-ma’rifat peshvosi sifatida qilgan xizmatlarining ulkanligi bilan ajralib turadi. Movarounnahrda,  xususan, Samarqandda ilm-fan va san’atning taraqqiyotida Ulug‘bek va uning atrofida yig‘ilgan olimlarning o‘rni va hissasi nihoyatda buyukdir. Movarounnahr va Xurosonning boy va serqirra madaniyatiga, islom dunyosining ma’naviy an’analariga suyangan hamda o‘z davrining madaniy tajribalaridan to‘la foydalana bilgan Ulug‘bek mamlakatning ravnaqi, ayniqsa, uning ma’naviy kamolotida ilm-fanning va san’atning naqadar muhimligini yaxshi tushunardi. U mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda ilmiy ishlar bilan shug‘ullandi. Ilmiy munozaralar o‘tkazdi.

Ulug‘bek Movarounnahr shaharlarini, xususan, Samarqand va Buxoroni ilm-u ma’rifat dargohiga aylantirishga intildi. Uning farmoni bilan Buxoroda, Samarqandda va G‘ijduvonda madrasalar barpo qilindi. Hatto, Buxoro madrasasining darvozasiga: “Bilim olish har bir musulmon ayol-u erkakning burchidir”, degan kalima yozib qo‘yilgan. Bu madrasalar zamonasining dorilfununi hisoblanib, ularda Qur’on, hadis, tafsir, fiqh (din va shariat qonun-qoidalari), riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), jo‘g‘rofiya, ilm-u aruz (poetika), arab tili va uning morfologiyasi kabi dunyoviy ilmlar ham o‘qitildi. Samarqand madrasasida Shamsuddin Havofiy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosuddin Jamshid, Ulug‘bek, Ali Qushchilar turli fanlardan dars berishgan. Bu davrda Samarqandda Ulug‘bek madrasasidan tashqari Xonim, Firuzshoh, Shohmalik, Xojabek, Mirabduvali va Qutbiddin Sadr nomli madrasalar ham qad ko‘targan. Mirzo Ulug‘bekning sa’y-harakatlari tufayli bu davrga kelib maorif, ilm-ma’rifat va adabiyot yanada gullab-yashnadi. Shaxsan Ulug‘bekning o‘zi ham astronomiya (“Ziji Ko‘ragoniy”), tarix (“To‘rt ulus tarixi”) kabi fanlarga oid bir qancha yirik asarlar yaratdi. 

Amir Temurning adabiyotga ixlosi uning yana bir munosib davomchisi Zahiriddin Muhammad Boburda yanada mukammal namoyon bo‘ldi. Shoh va shoir Bobur bir qo‘lida qilich yalang‘ochlab, bobosi kabi yetuk sarkarda va ikkinchi qo‘lida qalam tutib, iqtidorli shoir bo‘lib yetishdi.

Bobur “Boburnoma” tarixiy-memuar asaridan tashqari, ilm-fan rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiluvchi “Muxtasar” (aruz ilmi haqida), “Harb ishi” (harbiy sohaga oid), “Mubayyin” (islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan) kabi asarlarni ham taqdim etdi. Yozilgan asarlarning turli fan sohalariga tegishliligi Boburning qomusiy bilim egasi bo‘lganligidan dalolat beradi. 

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Amir Temur avlod tarbiyasiga nihoyatda ehtiyotkor bo‘lgan. Nasl tozaligiga alohida ahamiyat qaratgan. Nasl, avlod salomatligi uchun kelin tanlashga har tomonlama e’tibor bergan. Shuningdek, shahzodalarga turli mast qiluvchi ichimliklar ichishni, chekishni taqiqlagan. Asosiy e’tiborni ular tarbiyasi va ta’limiga qaratgan.

Oilasiga qilgan e’tiborni butun xalqiga, saltanatiga ham ko‘rsata olgan. Aholining tinchligi, farovon turmushi uchun ilm-ma’rifatni asosiy qurol deb bilgan. Ulkan saltanatda adolatni ta’minlashga bor kuchini sarflagan. Bu haqda o‘zining tuzuklarida quyidagi fikrni aytadi: “Mening saltanatimda kimki mukofotga loyiq ish qilsa, mukofotsiz qolmaydi, jazoga loyiq ish qilsa, jazosiz qolmaydi”.

Amir Temur va temuriylar bola tarbiyasida ham ma’naviy, ham jismoniy yetuklikni muhim deb bilishgan. Shu boisdan, farzand tarbiyasida jismoniy tarbiyaga, harbiy san’atlarni egallashlariga alohida ahamiyat qaratishgan. Temurning kuchli sarkarda bo‘lganligi barchaga ma’lum. U buyuk lashkarboshi, mohir jangchi sifatida mukammal, yaxshi qurollangan, tezkor hujum qilishga qodir, muayyan taktik va strategiyaga ega bo‘lgan qudratli armiyaga asos soldi. Bu armiya, ya’ni qo‘shin o‘nlik, yuzlik va tumanliklarga bo‘lingan edi. Amir Temurning harbiy jang san’ati, uning taktika va strategiyasi ko‘p mamlakatlarda, jumladan, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning harbiy akademiyalarida maxsus o‘rganilgan va hozirga qadar o‘rganilmoqda. Bu esa uning harbiy salohiyati qanchalar yuqoriligidan dalolat beradi. 

Shunga ko‘ra, yosh avlodni, xususan, zamonaviy harbiy kadrlarni tayyorlashda, ularni o‘qitishda Amir Temur va temuriy shahzodalar hayoti va faoliyati muhim manba sanaladi.

Hozirgi kunda ba’zida odamlar orasida jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi insonga aqliy salohiyat u darajada shart emas, degan gaplarni eshitib qolamiz. Vaholanki, har qanday kuchni ham to‘g‘ri yo‘naltirish uchun albatta, aql shart va zarur. Chunki aql bo‘lmasa, kuchni noto‘g‘ri yoki yomon maqsadda, zararga ishlatish mumkin. Ana shunday noto‘g‘ri fikrli odamlarga shu o‘rinda sohibqiron Amir Temur va temuriy shahzodalarni ibrat qilib ko‘rsatishimiz lozim. Shuningdek, dono xalqimizda ham “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar”, deya bejiz aytmagan.

Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham ajdodlarimiz qilgan ishlarni o‘rnak qilib ko‘rsatish ularning tarbiyasiga samarali ta’sir qiladi. Bunda ular hayotidan turli hayotiy ibratli voqealarni aytib berish, ularning tarixini chuqurroq o‘rgatish, ayniqsa, muhim. 

Zamonaviy harbiy kadrlarni tayyorlashda esa asosan  Amir Temur va temuriy shahzodalarning harbiy salohiyati, irodasi, chidami, atrofidagilar bilan munosabati, shuningdek, ularning jangovar holatlarda qo‘llagan taktikalari, hiylalarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan bu borada o‘rganilgan bilimlar ularning kelajakdagi xizmat faoliyatlarida asqatishi, shubhasizdir.   

Xurshidjon XOLIQOV, Qurolli Kuchlar akademiyasi 2-kurs magistri