“Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi yakunlandi

0
2003

“Forish” togʻ poligonida “Men gʻolib” shiori ostidagi “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Besh kun davomida ishtirokchi jamoalar musobaqaning jami ikki bosqichi boʻyicha — “Individual mahorat” hamda “Jamoa birinchiligi” boʻyicha bahs olib borishdi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar oʻq otish sharti, majmuaviy kompleks toʻsiqli yoʻlaklarni yengib oʻtish mashqi, maxsus tayyorgarlik boʻyicha hamda “Eng ilgʻor haydovchi” tanlovi, “Jamoa birinchiligi” singari bosqichlardan oʻtishdi. Har bitta shart, har bitta bosqichning yakuniy natijalariga eʻtibor qaratilsa, jamoa aʻzolarining musobaqaga mukammal darajada tayyorgarlik koʻrganiga guvoh bo‘lish mumkin. Misol uchun, musobaqa davomida eng qiziqarli bosqichlardan biri boʻlmish “Jamoa birinchiligi” shartida har bitta jamoa yaradorlarga birinchi tez tibbiy yordamni koʻrsatgan holda suv toʻsiqlaridan olib oʻtish amaliyotini bajarishdi. Jarayon davomida ishtirokchilar yakdillikni namoyon qilib, qisqa vaqtda jarima ballarsiz shartni yakunlashga intildi.

“Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasining yakuniy natijalariga koʻra, uchinchi oʻrinni Sharqiy harbiy okrug hamda Toyifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi, ikkinchi oʻrinni Toshkent harbiy okrugi hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi jamoalari qoʻlga kiritgan boʻlsa, birinchilikni ikki — Markaziy harbiy okrugi hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi jamoalari egallashdi. Jamoalarni taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan musobaqa bosh hakami, Mudofaa vazirligi Tibbiy taʻminot boshqarmasi boshligʻi, tibbiy xizmat palkovnigi Nosirjon Fozilov barcha gʻolib jamoalarni samimiy tabriklab, musobaqani oʻtkazishda yaqindan yordam berganlarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, ushbu jarayonlarni xolis baholab borishda ishtirok etgan hakamlar hayʻatining xizmati alohida eʻtirof etildi.

Taqdirlash marosimida nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topilgan ishtirokchilarga ham diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti