“Ot ustida estafeta” musobaqasi oʻtkazildi

0
1222

Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan “Oʻzbegim otlari” ot zavodi bazasida Mudofaa vazirligi tomonidan “Ot ustida estafeta” musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda kuch tuzilmalari birinchilik uchun baxs olib bordi. Mazkur musoobaqa qizgʻin bahslarga boy boʻldi.

Musobaqa shartlariga koʻra, chavandoz 100 metrlik masofani ot ustida bosib oʻtish jarayonida balandlikdagi bayroqchani olib oʻtish va yer sathidan 25 santimetr balandlikdagi bayroqchani ham yerga engashgancha yulib olish, marraga yetgach, otni ustidan tushib, ortga yugurib qaytib kelishi kerak edi. Har bir jamoada 3 nafardan qatnashchi ishtirok etdi va ularning koʻrsatgan natijasi umumlashtirildi. Hakamlar chiqargan qarordan norozi boʻlgan jamoa aʼzolari uchun uchta nuqtaga oldindan oʻrnatilgan kameralardagi videoyozuvlar qayta koʻrib chiqildi. Shu asnoda bahsli vaziyatlarga xolisona yechim topildi.

Hakamlar hayʼati yigʻilgan ballarni hisoblagunga qadar, ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelayotgan azaliy urf odatlarimizdan koʻpkari musobaqasi uyushtirildi. Unda kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilaridan iborat chavandozlar uloq uchun kurash olib bordi. Musobaqani tomosha qilish uchun tashrif buyurgan yuqori sinf oʻquvchilari uchun mutaxassislar nazoratida kamondan oʻq otish, qichoq uloqtirish va sharikli oʻq otadigan avtomatdan nishonni moʻljalga olish kabi koʻngilochar oʻyinlar tashkillashtirildi.

Musobaqaning umumlashtirilgan natijalariga koʻra, 3-oʻrinni Milliy gvardiya vakillari jamoasi qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni esa Davlat xavfsizligi xizmati chegara qoʻshinlari jamoasi band etdi. Faxrli 1-oʻrin Mudofaa vazirligi javmoasi tomonidan zabt etildi. Gʻolib va sovrindorlar medal, kubok va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti