Fargʻonada “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi boshlandi

0
975

Harbiy-vatanparvarlik oʻquv-uslubiy yigʻinining navbatdagi mavsumi Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari “Fargʻona” dala oʻquv maydonida boshlandi. Yigʻinga yetib kelgan yoshlar saf tortib, ularning roʻyxati shakllantirib olindi. Shundan soʻng ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va harbiy liboslar hamda kerakli anjomlarni qabul qilib oldilar.

“Jasorat maktabi”ning tantanali ochilish marosimida Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi hamda keng jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, ishtirokchilarga oʻzlarining iliq tilaklarini bildirdi. Tadbirda harbiy orkestr va faxriy qorovul jamoasi koʻrgazmali chiqishlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Ochilish marosimida aʼlo kayfiyatga ega boʻlgan yoshlar bilan shu kunning o‘zida ilk mashgʻulotlar boshlandi. Ular bilan poligon madaniyat markazida okrug qoʻmondonining oʻrinbosari, faxriylar, viloyat hokimligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari davra suhbati oʻtkazishdi. Suhbat davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati