Bobur shaxsiyatida jang falsafasi

0
1143

Jahonda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, dunyoni bo‘lib tashlash va hukmronlik qilishga yo‘nalgan mafkuraviy kurashning avj olishi mamlakatlarning hududiy xavfsizligini ta’minlash uchun zamonaviy harbiy texnologiyalardan foydalana oladigan mahoratli harbiy xizmatchilarni tarbiyalashni taqozo etmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, kasbiy va ijtimoiy mas’uliyatini oshirishda haqqoniy tarixni o‘rganishga ehtiyoj oshmoqda. Zahiriddin Muhammad Boburning ma’naviy jasorati, sarkardalik hamda harbiy notiqlik mahorati qo‘shinning jangovar ruhini yuksaltirishda muhim omillardan biri bo‘lgan.

Amir Temurning jasorati Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy yurishlari va mahoratida davom etgan. Bu buyuk zot o‘n ikki yoshdan boshlab Temuriylar davlatini saqlab qolish uchun o‘zini nafaqat mohir diplomat, shuningdek millatparvar, vatanparvar sifatida ham namoyon qilgan, u dushman bilan barobar olishgan va barcha sinovlardan o‘tgan. Qirq olti yillik umri davomida u o‘zidan keyin betakror badiiy asarlar qoldirish bilan bir qatorda buyuk davlatchilikni, o‘z avlodlariga Vataniga bo‘lgan buyuk muhabbati, ezgu fazilatlarini meros qilib qoldirdi.

O‘z navbatida, Bobur dovyurak, jasur va mohir lashkarboshi bo‘lgan. Raqiblari bir necha bor mag‘lub qilgan bo‘lsa ham, u o‘zini batamom mag‘lub deb hisoblamagan. Shuning uchun ham Bobur ko‘zlagan maqsadiga yetishishiga hamisha ishongan. U o‘z mag‘lubiyatlaridan ham to‘g‘ri xulosa chiqarib, qobiliyati va irodasini chiniqtirib borgan. Zahiriddin Muhammad Bobur turklar, mo‘g‘ullar, shayboniylar, forsiylar va afg‘onlar bilan bo‘lgan janglarda juda ko‘p tajriba to‘plagan va chiniqqan. Ularning har biridan jang qilish uslubini o‘rganish asnosida o‘zining urush olib borish taktikasi va qurollarini takomillashtirib borgan.

Rahimovning “Bobur – buyuk sarkarda yoxud jahon harbiy san’ati rivojiga hissa qo‘shgan ulkan g‘alabalar” kitobida shunday ma’lumotlar keltiriladi:

– Bobur Mirzo ilk bor qo‘shinini harbiy isloh qilishni Kandahor yurishi oldidan amalga oshirganligini “Boburnoma”da qayd etgan edi: “Hech vaqt buncha tartib va intizom bilan saf tuzmasdim. Hossa tobinga (bu shohning maxsus bahodirlardan iborat harbiy qismi bo‘lib uni bemalol Boburning yangi tashkil etgan Milliy gvardiyasi deyish mumkin (muallif izohi) qo‘lidan ish keladigan yigitlarni ajratib olgan edim: o‘n-o‘n, ellik-ellik qilinib, o‘n boshi va ellik boshini tayin qildim. Har o‘n va ellik va so‘l qo‘llarda turar yerlarni bilib, urush paytida qiladigan ishlarini aniqlab, hozir va nozir edilar. O‘ng qanot, so‘l qanot va o‘ng qo‘l va so‘l qo‘l, o‘ng yon va so‘l yon jadal otlangach, xabarchi lashkar qism ham qiynalmay tayinlangan yerga tomon yura berdilar.

Garchi barong‘or (o‘ng qanot) va o‘ng qo‘l, o‘ng yon va o‘ng so‘zlarining ma’nosi bir xil bo‘lsa-da, lekin so‘z o‘zgarishi bilan har xil ma’no beradi. Chunonchi, barong‘or o‘ng qanot va chap qanot javong‘or ma’nosida maymana va maysara, jangovar safning markazi g‘ul tarkibida emas. Bu nav jangovar safni o‘sha istiloh ma’nosida barong‘or va javong‘or deyiladi. G‘ul safining o‘ng va chapini farq qilish uchun o‘ng qo‘l va so‘l qo‘l deb aytiladi.

Shu tariqa Boburning jang arafasidagi o‘tkazgan ilk harbiy islohoti o‘zini oqlab g‘alaba ta’minlandi. Bunda qo‘shinni jangovar holda joylashtirish va sarkarda hamda jangchilarning qahramonlarcha jang qilishlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuning uchun ham Bobur ijodida Vatanni jon-u dildan sevish eng asosiy o‘rinni egalladi.

Harbiy notiqlik mohiyat e’tibori bilan jangovarlikni, xitob va da’vatni anglatadi. Shuning uchun ham mashhur Rim notig‘i Mark Tulliy Sitseron “Tarixda yo yaxshi harbiy sarkarda yoki notiq bo‘lish kerak”, degan. U ko‘rib kuzatgani va anglab yetganidan so‘ng shu fikrga kelgani aniq. Notiqlik va harbiy sohadagi faoliyat o‘zaro uzviy bog‘liqdir. Har qanday g‘alabani ta’minlash mezoni bevosita notiqlik mahorati bilan bog‘liq.

Mard va tadbirkor, san’atni sevgan kishigina qat’iy iroda, o‘z so‘ziga, fikriga ega inson bo‘lishi tayin. Jonli manzaralar yaratuvchi, da’vatkor kuchga ega so‘zning o‘rni katta. To‘p-u zambaraklar, behisob qo‘shin eplay olmagan ishni oddiy so‘z bajara olganiga tarix shohid.

Boburning nutq mahorati haqida mufassal ma’lumotni shoh va shoirning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asaridan olish mumkin. 1527-yili Boburning Hindistonda Rano Sango bilan jangi oldidan qo‘shinlari orasidagi vaziyat aziyatga sabab bo‘ladi. Boshi qovushmagan jangchilar orasida ixtilof va tarqoqlik boshlanadi. Shunda Bobur lashkarga qarata jonli, ta’sirchan nutq irod qiladi. Gulbadanbegim “bunga majlisdagilarning hammasi rozi bo‘lishib.., tomirimizda bir tomchi qonimiz qolguncha kurashamiz, deb qasam ichadilar…” degan dalilni keltiradi:

– Har kimki hayot majlisiga kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidir va har kishikim, tiriklik manziliga kiribtur, oxir dunyo g‘amxonasidin kechkusidur, yomon ot bilan tirilgandin, yaxshi ot bilan o‘lgan yaxshiroq… Tangri taolo bu nav’ saodatni bizga nasib qilibtur va mundoq davlatni bizga qariyb aylabtur. O‘lgan shahid va o‘ldurg‘on g‘oziy, barcha Tangrining kalomi bilan ont ichmak kerakkim, hech kim bu qatoldin yuz yondirur xayol qilmay, to badandin joni ayrilmag‘unicha, bu muhoriba va muqotiladin ayrilmag‘ay”. Boburning ushbu otashin, jangovar nutqidan so‘ng barcha askarlar yakdil holda, jam bo‘lib, jangga kirishgan.

Bobur Mirzoning harbiy mahorati va notiqlik san’ati imkoniyatlarini bilishi jang-u jadallarda qo‘l kelganiga Hind va Afg‘on zamini sari harbiy yurishlarida yaqqol ko‘rinadi. 1526-yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o‘zining 12 minglik askari bilan tor-mor qilishi aqlga sig‘maydigan hol. O‘n ikki ming askar orasida yuz ming qo‘shinga qarshi jangga kirish mushkul ekanini o‘ylab, talmovsirash boshlanadi. Uy-joyini qo‘msab, oila va farzandlari diydorini ko‘rmasdan behuda o‘lib ketish xavfi askarlarni cho‘chitadi.

Harbiy tafakkur kuchi, donish aqliy quvvati, davlatchilik iste’dodi bilan temuriylar sulolasining umrini uzaytirib uning siyosat maydonida 332-yil yashab qolishiga yo‘l ochdi. Temuriylar sulolasining uzviy davomi sifatida boburiylar nomi bilan jahon tarixi sahifalarini bezadi.

Jang oldidan lashkarni ruhlantirish, g‘alabaga nisbatan ishonch tuyg‘usini uyg‘otish tajribali qo‘mondonlarning faoliyatida sinashta bo‘lgan. Napoleon Bonapart jangga kirishishga tayyor turgan qo‘shinga qarata shunday deyishi odat bo‘lgan. “Jangda o‘lishni hamma eplaydi. Mard va jasur jangchilargina tirik qoladi. Menga o‘ligingiz emas, tirigingiz kerak. Shunday ekan, barchangizga o‘lmaslikni buyuraman, olg‘a!” deya xitob qilarkan.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson ongi va qalbi uchun kurash kuchayib borayotgan mafkuraviy kurash maydonida harbiy xizmatchilarda mustahkam iroda, Vatanga sadoqat hamda milliy va jangovar ruhni yuksaltirish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki milliy ma’naviyat durdonalaridan mahrum bo‘lgan, milliy o‘zligidan yiroqlashgan inson to‘laqonli shaxs darajasiga ko‘tarilmaydi, fanzandlari yuragida yuksak vatanparvarlik ruhini uyg‘otolmagan, kamol toptira olmagan millat, har qancha qudratli qurolga ega bo‘lmasin, bir kuni g‘animlar tomonidan mahv etiladi.

Bizning buyuk tariximizdagi milliy qahramonlar va sarkardalarning ko‘rsatgan jasorati, matonati hamda vatanparvarligini keng miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilish harbiy xizmatchilarning milliy va jangovar ruhini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Harbiy xizmatchilar qalbida milliy ruh, millat sha’nini asrash tuyg‘usi vatanparvarlik bayrog‘iday muhim o‘rin egallashi shartdir.

Podpolkovnik Akromjon SHOXAKIMOV, Qurolli Kuchlar akademiyasi milliy iftixor va harbiy-vatanparvarlik kafedrasi katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari doktori (PhD)