“Harbiy-tibbiy estafeta” va “Qurolsoz usta” musobaqalari qizg‘in davom etmoqda

0
2330

“Forish” dala oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Men gʻolib” shiori ostidagi Armiya oʻyinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Qurolsoz usta” musobaqalarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Shu kunning oʻzida “Qurolsoz usta” musobaqasining dastlab bosqichiga start berildi. Mazkur shartda okruglardan tashrif buyurgan jami beshta jamoalar bellashmoqda.

Tanlovning birinchi bosqichida ishirokchi jamoalar artilleriya qurollarini qismlarga ajratish va yigʻish, marshni amalga oshirish, minali-portlovchi toʻsiqlardan oʻtish, kechuvdan oʻtish, koleya koʻprikli xandaqdan oʻtish singari shartlarni eng qisqa vaqtga bajarish boʻyicha bellashdi. Taʼkidlash joizki, tanlovning mazkur bosqichi oʻzining intrigaga boyligi bilan boshqa bosqichlardan ajralib turadi.

Shuningdek, bugun “Harbiy tibbiy estafeta” musobaqasining dastlabki shartlari oʻtkazildi. Unda jamoalar “Otish tayyorgarligi” hamda “Individual mahorat” singari bosqichlarda bellashdi.

“Otish tayyorgarligi” bosqichida jamoalar TOZ-8 pnevmatik quroldan oʻq otish amaliyotini bajardi. Taʼkidlash joizki, jamoalar “individual mahorat” bosqichida toʻsiqli yoʻlaklardan oʻtgan holda majmuaviy kompleks mashqlarni bajarishdi. Jami 7 ta jamoadan 4 nafardan ishtirokchilar mazkur bosqichda qatnashib, oʻzlarining iroda va mahoratini amalda koʻrsatib berishdi. Musobaqa shartlari qizgʻin tus olmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti