Nukusda “Ishonchli qabul” musobaqasi boshlandi

0
1680

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida aloqa boʻlinmalarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan mutaxassis aloqachilar oʻrtasida “Ishonchli qabul” musobaqasi boshlandi. 

Taʼkidlash joizki, vazirlik miqyosida “Men gʻolib!” shiori ostida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan ushbu musobaqaning aloqachilar oʻrtasidagi musobaqa ilk marotaba Nukusda oʻtkazilmoqda.

Mutaxassis aloqachilarning kasbiy malakasini oshirish, yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish hamda ilgʻorlarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan musobaqani Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ochib berdi.

Tanlovning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda ishtirokchilarning xatti-harakatini adolatli baholash maqsadida musobaqani Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va aloqa xavfsizligi bosh boshqarmasi vakillaridan iborat boʻlgan hayʼat aʼzolari baholab boradi.

Musobaqaning ochilish marosimida askarlardan iborat faxriy qorovul vzvodining saf hamda qoʻl jangi elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Nukus garnizoni harbiy sanʼatkorlari tomonidan harbiy aloqachilarga bagʻishlangan qoʻshiq premyerasi soxa mutaxassislariga koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Shuningdek, ishtirokchi jamoalar oʻrtasida qurʼa tashlash marosimi oʻtkazilib, musobaqa shartlari va talablari yetkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati