“Men g‘olib” shiori ostida “Sodiq do‘st” musobaqasi boshlandi

0
1641

Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida  “Men g‘olib” shiori ostida armiya o‘yinlarining “Sodiq do‘st” musobaqasi boshlandi. Unda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okrug va qo‘mondonliklardan kinologlar o’z xizmat itlari bilan ishtirok etmoqda.

Bugun, 27-noyabr kuni musobaqa ishtirokchilari dastlabki “Dog biatloni” yakka tartibda xizmat itlari bilan yugurish shartini bajardi. Xususan, birinchi shart qoidasi bo‘yicha ayollar jamoasi ishtirokchilari 2 400 metr va erkaklar jamoasi vakillari 3 200 metr masofaga xizmat itlari bilan yugurib, belgilangan hududda kichik kalibrli miltiqdan otish meʼyorlarini bajardi.

“Sodiq do‘st” musobaqasi 5 kun davom etib, harbiy xizmatchilar umumiy hisobda 5 ta shart bo‘yicha harbiy okrug va qo‘mondonliklar sha’nini himoya qiladi. Shunday qilib, oldinda kinologlarimizni bir-biridan murakkab bo‘lgan “Himoya qorovul xizmati”, “300 metr masofaga to‘siqlarni xizmat iti bilan yengib o‘tgan holda yugurish”, “Mohir o‘qchi”, “Dog biatlon — 1 600 metrli estafeta” kabi shartlar kutib turibdi.

“Men g‘olib!” shiori ostida o‘tkaziladigan armiya o‘yinlari harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qo‘shinlarda o‘zaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sog‘lom raqobat hissi va barqaror ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishda, ayniqsa, Xalqaro armiya o‘yinlarida milliy armiyamiz sharafini munosib himoya qiladigan harbiy xizmatchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti