Jizzaxda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining beshinchi mavsumi boshlandi

0
1024

Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab “Jizzax tajribasi” sifatida davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlida oʻtkazish chin maʼnoda anʼanaga aylandi.

Ushbu anʼana sababchisi va tashabbuskori boʻlgan Jizzax viloyati hokimligi va Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida hamkorlikda koʻplab ishlarni amalga oshirib, shu oʻrinda yana 100 nafar yoshlar uchun oʻquv yigʻinning beshinchi mavsumini boshladi.

Xususan, Jizzax viloyatining shahar va tumanlaridan yigʻin ishtirokchilari Jizzax shahridagi yoshlar markazida jam boʻldi va ularga Yoshlar ishlar agentligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan sport kiyimlari berildi. Shundan soʻng, Jizzax garnizondagi harbiy qismga yetib kelgan 100 nafar yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Tibbiy koʻrikdan soʻng, ularga harbiy liboslar tarqatildi.

Yigʻinning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, viloyat IIB, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Marosimda soʻz olganlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni kasbga oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan mazkur yigʻin dastlabki mavsimidan bugungi mavsumga qadar yoshlar uchun kutilmagan koʻp imkoniyatlar va sharoitlar yaratib berayotganini ta’kidladilar. 

Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr va viloyatning taniqli sanʼatkorlari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar va harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari yoshlarda ilk kundanoq harbiylikka boʻlgan ishtiyoqni yanada oshirgan bo‘lsa ajab emas.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati