Institut hududida “yashil belbog‘” yaratildi

0
1500

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti sanitariya himoya hududida Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi hamkorligida ekologik tadbir o‘tkazildi.

Unda mudofaa vazirining o‘rinbosarlari general-mayor Hamdam Qarshiyev, polkovnik Zoirjon Bozorboyev, O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori o‘rinbosari adliya polkovnigi Qahramon Isroilov, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov mamlakatimizda tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash, sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

So‘ng Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, Harbiy prokuratura xodimlari tomonidan institut jamoasi bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Mirzo Ulug‘bek tumanida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti sanitariya himoya hududida mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hududlarni bosqichma-bosqich kengaytirish, ko‘chat ekish tadbirlarida harbiy xizmatchilarimiz jonbozlik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissasini qo‘shmoqda, – deydi Mudofaa vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i polkovnik Hasan Xalilov. – Jumladan, bugungi kungacha loyiha doirasida hududlarning tuproq va iqlim sharoitiga mos jami 700 ming tup ko‘chat o‘tqazildi. 1-dekabrga qadar yana 100 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz. Bugun tong sahardan kashtan, archa, terak, qarag‘ay, yapon sapurasi singari manzarali va mevali ko‘chatlar yerga qadaldi. Ushbu jarayonda ko‘chma madaniyat markazining kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Bunday xayrli tadbirlar atrof-muhitni yanada ko‘kalamzorlashtirishga xizmat qiladi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti