Britaniyalik harbiy tibbiyot mutaxassislari bilan treninglar oʻtkazildi

0
2434

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi harbiy tibbiyot mutaxassislari Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasida boʻldi.

Tashrif avvalida britaniyalik mehmonlar Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot boshqarmasi, Markaziy harbiy klinik gospital va Harbiy tibbiyot akademiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda harbiy tibbiyot boʻyicha oʻzaro hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish masalalari borasida fikr almashildi. Shundan keyin mehmonlar mamlakatimizda harbiy tibbiyot sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlar, kadrlar tayyorlash masalalari bilan qiziqib, harbiy gospital va akademiyada yaraitlgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Mudofaa vazirligi harbiy tibbiy brigadasi boshligʻi polkovnik Uilyam Inglis mashgʻulot va suhbatlar vaqtida Buyuk Britaniya harbiy tibbiyotining tuzilishi, vazifalari, qurolli toʻqnashuvlarda yaradorlarga tibbiy yordam berish, evakuatsiyaning oʻziga xos jihatlari kabi masalalar haqida ma’lumot berdi. Markaziy harbiy klinik gospitali, Harbiy tibbiyot akademiyasi, Toshkent harbiy okrugi, Milliy gvardiya harbiy tibbiyot mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan treninglar qizgʻin fikr almashuvlar bilan davom etdi.

—Harbiy harakatlar vaqtida yoki kundalik hayotda jarohatlangan yoki tibbiy xizmatga muhtoj harbiylarga yordam koʻrsatish, dala gospitallari ishini tashkil etish, yaradorlarni bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish kabi masalalar boʻyicha bir necha yildirki, ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy harbiy tibbiyot yutuqlari jiddiy oʻrganilmoqda. Maqsad harbiy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va kelgusi vazifalarni belgilab olish. Dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyat doimiy ravishda oʻzgarib, tahdidlar yil sayin kuchayib borar ekan, bu kabi hamkorlik va tajriba almashuvlar nafaqat harbiy tibbiy soha uchun, shu bilan birga boshqa yoʻnalishlar uchun ham juda muhim, — deydi Markaziy harbiy klinik gospitalning mobil tibbiy otryad boshligʻi tibbiy xizmat podpolkovnigi Halimjon Boʻtayev.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti