Termizda batalyon komandirlari va ularning o‘rinbosarlari bilan o‘quv uslubiy yig‘in o‘tkazildi.

0
1993

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqoʻshin dala-oʻquv maydonida okrug batalyon (divizion) komandirlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida 3 kunlik komandirlik yigʻini oʻtkazildi. Dastlab, saf maydoniga jamlangan qatnashchilarga okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari tomonidan yigʻinning asosiy maqsadi yetkazildi. Shundan soʻng, harbiy xizmatchilar uchun saf koʻrigi jarayonlari oʻtkazilib, ularning tadbirga qay darajada tayyorgarlik koʻrganliklari tekshirildi.

Yigʻinning keyingi kunlarida ishtirokchilardan jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlar qabul qilindi. Bunda ular turnikda aylanish, 100 metrga yuqori tezlikda yugurish hamda 3 kilometrga yugurish kabi mashqlarni bajarishgan boʻlsa, yuqori bilim va koʻnikma talab etadigan mashgʻulotlar otish, texnik, taktik va tibbiy tayyorgarlik hamda radiatsion kimyoviy biologik muhofaza kabi yoʻnalishlar boʻyicha meʼyorlar topshirishdi.

Oʻquv sinflarida esa umumharbiy nizom va harbiy topografiya fanlaridan, shuningdek, saf, aloqa, safarbarlik hamda razvedka tayyorgarligi boʻyicha olingan test sinovlari qatnashchilarning bilimlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Bevosita okrug boshqaruv apparatining malakali ofitserlari nazoratida boʻlib oʻtgan oʻquv-uslubiy yigʻinda boʻysunuvchi boʻlinmalarni oʻqitish va tarbiyalashda zamonaviy tajribalarni targʻib etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, yigʻin rejasiga asosan harbiy xizmatchilarning otish tayyorgarligi, uzoq masofaga marsh yurish, jangovar va avtomobil texnikalarini boshqarish mashgʻulotlarini tashkillashtirish va oʻtkazish koʻnikmalari sinovdan oʻtkazildi. Amaliy mashgʻulotlar kunduzi va tunda ham olib borilib, bunda barcha sinovlarda toblanayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi yanada oshdi.

Yakunda erishilgan yutuqlar eʼtirof etilib, mutaxassislar tomonidan batalyon (divizion) komandirlari va ularning oʻrinbosarlariga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Albatta, bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi tinchligimiz posbonlarining jangovar salohiyatlarini yanada oshirish, ularning oʻz sohalari boʻyicha bilimlarini mustahkamlash hamda faoliyati davomida toʻgʻri va sifatli boshqaruvni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni