Markaz mutaxassislar malakasini jahon standarti darajasiga yetkazish uchun xizmat qiladi

0
1495

Toshkent harbiy okrugida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun maxsus boʻlinmalar mutaxassislarini tayyorlash markazinining tantanali ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbir avvalida mudofaa vazirining harbiy xizmatchilarga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Tadbirda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, mudofaa vazirining maslahatchisi – vazirlik Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengash raisi Abubakir Navroʻzov, Qurolli Kuchlar faxriylari va boshqalar mamlakatimizda kuch tuzilmalarining jangovar tayyorgarlik obyektlari va oʻquv-moddiy bazasini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani maxsus boʻlinmalarning jangovar tayyorgarligi sifatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, qisqa davrda maxsus boʻlinmalarning jangovar shayligi takomillashtirildi. Professional armiyalar tajribasi asosida maxsus boʻlinmalarni jangovar tayyorgarligi, askarlarni saralash va sinov qabul qilish tartibi mutlaqo oʻzgartirildi. Ayrim yo‘nalishlarda mutaxassislarimiz xalqaro miqyosda yuqori salohiyatga ega ekanini nufuzli musobaqalarda isbotlamoqda. Soʻnggi ikki yilda mutaxassislarimiz Amerika Qoʻshma Shtatlarida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor jangchi”, Buyuk Britaniyada “Kembriya patruli”, Pokistonda “Jamoa ruhi” musobaqalarida faxrli I va II oʻrinlarni hamda yaqinda Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan “Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritgani buning yaqqol misolidir.

Tadbir doirasida 2023-yil Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻquv markazlari oʻrtasida “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor oʻquv markazi” koʻrik-tanlovi hamda Koreya Respublikasida maxsus boʻlinmalar oʻrtasida boʻlib oʻtgan “I xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida kuchli bilim va amaliy koʻnikmalarni koʻrsatib, umumjamoa hisobida faxrli 1-oʻrinni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofoti, diplom, kubok va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shundan soʻng mehmonlar ramziy tasmani kesib, markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar hamda “Chirchiq” umumqoʻshin poligonida maxsus boʻlinmalarning taktik harakatlarini kuzatdilar.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti