Harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash yo‘lida

0
3282

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, mavjud muammolarini joylarda chiqqan holda oʻrganish va suhbatlar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Bugungi kunda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatining olis hududlaridan hisoblangan Qoʻshrabot tumanida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatni oʻtab kelayotgan ayol harbiy xizmatchilar hamda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirga Mudofaa vazirligi va Respublika harbiy prokuraturasi hamda tuman hokimligining masʼul hodimlari taklif qilindi. Unda soʻzga chiqqanlar, mamlakatimizda xotin-qizlar uchun barcha sohalarda yaratilgan shart-sharoitlar, qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar haqida batafsil maʼlumotlar berishdi.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan davra suhbati soʻnggida Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamkorligida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va ayol harbiy xizmatchilar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Shundan soʻng ishchi guruh tomonidan harbiy shaharchada va unga yaqin boʻlgan hududlarda istiqomat qiladigan harbiy xizmatchilarning xonadonlariga tashriflar uyushtirilib, muammoli masalalar joyida oʻrganildi. Ularning ehtiyojlardan kelib chiqib uy xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan mayishiy buyumlar topshirildi.