O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Niderlandiyaga tashrif buyurdi

0
2377

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Niderlandiyaga tashrif buyurdi. Tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilov boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida Niderlandiya reabilitatsiya markazi, mamlakat Harbiy gospitali hamda Milliy tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakat reabilitatsiya markazi boshlig‘i polkovnik Leon Jans, Harbiy gospital boshlig‘i Monika Kop-Wijering bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlat mudofaa vazirliklari vakillari harbiy tibbiyot sohasida bir qator hamkorlikni amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni kelishib oldi.

Jumladan, harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlash (sanitar yoʻriqchi, feldsher, tor doiradagi mutaxassislar), malaka almashinuvi, ikki davlat mutaxassislari ishtirokida yuqori texnologiyali operatsiyalar va master-klass oʻtkazish borasida o‘zaro kelishuvga erishildi.

Niderlandiya Mudofaa vazirligi harbiy tibbiyot bosh boshqarmasi o‘z navbatida kelgusida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tibbiyotchilari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda tayyor ekanini bildirdilar.

Shuningdek, tashrif doirasida hamyurtlarimiz Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak jasorat ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘lgan 101 nafar o‘zbek xotirasiga o‘rnatilgan monument poyiga gulchambar qo‘yib, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti