Eng ilg‘or kadr organi mutaxassislari aniqlandi

0
2692

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Eng ilg‘or kadr organi” va “Eng ilg‘or harbiy-kasbiy saralash organi” ko‘rik-tanlovlarining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Soha vakillarining kasbiy mahorati, jismoniy qobiliyatini sinovdan o‘tkazish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadi ko‘zlangan bellashuvda harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonliklaridan saralangan mutaxassislar o‘zaro kuch sinashdi.

Dastlab ishtirokchilar “My test” tizimli ta’minot dasturi orqali 100 ta savoldan tashkil topgan test sinovini topshirdi. 60 ta savoldan iborat test sinovida esa yurt posbonlarining intellektual salohiyati, IQ-darajasi aniqlandi. So‘ng harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi yosh (jismoniy sog‘lomlashtirish) guruhi hisobga olingan holda sinovdan o‘tkazildi. Unda 100 metr va 3 kilometrga yugurish, turnikda tortilish me’yorlari bajarildi.

“Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida o‘qotar qurollar va jangovar mashinalardan o‘t ochish kursi talablariga muvofiq, tanlov ishtirokchilari otish tayyorgarligi bo‘yicha o‘quv otish mashqini bajardi. Oxirgi shartda tanlov ishtirokchilarining maxsus tayyorgarligi hujjatlarni amaliy ishlab chiqish natijalari bo‘yicha baholandi. Bunda ularning axborot texnologiyalarini bilish darajasi, kompyuterda “Word”, “Excel” va “Power Point” dasturiy muharrirlaridan foydalangan holda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirishga oid ko‘nikma va malakasiga alohida e’tibor qaratildi. Nazariy va amaliy shartlarda tanlov ishtirokchilari qayd etgan har bir natija hakamlar hay’ati tomonidan shaffof, adolatli va xolisona baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, har ikki tanlovda yuqori o‘rinlarni egallagan g‘oliblar dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida — kasb bayrami kunida taqdirlanadi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti