Davlat bayrog‘i — milliy iftixorimiz, gʻururimiz ramzi, tinchligimiz timsoli

0
871

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi tasdiqlanganining 32 yillik bayramiga bagʻishlab tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti oʻqituvchi va talabalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir maʼnaviyat va maʼrifat ulashuvchi markaz oldidagi maydonda konsert dasturidan boshlandi. Unda harbiy xizmatchilarning davlat bayrogʻi bilan koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Harbiy sanʼatkorlar tomonidan milliy ramzimizni ulugʻlovchi kuy va qoʻshiqlar bilan chiqishlari yigʻilganlar qalbini milliy gʻurur va iftixorga toʻldirdi.

Shundan soʻng tantanalar zalida bayrogʻimiz yaratilish tarixi, uning tasdiqlanishi, ranglar va ramzlarning mohiyati maʼlumot oʻrnida yetkazildi. Soʻzga chiqqanlar davlat ramzlari har bir davlatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollar ekanligini taʼkidladi. Oʻzbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga gʻurur, faxr va iftixor bagʻishlashini eʼtirof etishdi. Bugun davlatimiz bayrogʻi eng nufuzli xalqaro tadbirlarda, katta-katta sport musobaqalarida magʻrur xilpirayotgani millatimiz faxri ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali talabalari ishtirokidagi simfonik orkestr, oʻquvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar farzandlarining chiqishlari tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati