Qarshi shahrining markaziy koʻchasi boʻylab ulkan davlat bayrog‘i olib o‘tildi

0
1234

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ham davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 32 yilligi katta shodiyonalar bilan nishonlandi. Viloyat hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat bayrogʻini baland tutgan guruhlar Qarshi shahrining markaziy koʻchasi boʻylab marsh yurishdi.

Boʻyi 20, eni 10 metrlik ulkan bayroq va yana yuzlab davlat ramzlarini saf tortib, gʻurur bilan olib oʻtayotgan harbiy xizmatchilarni kuzatayotgan shahar ahli hamda yoshlar dilida ramzimizga nisbatan hurmat, vatanparvarlik hislari joʻsh urgani aniq.

Koʻplab yoshlar ham saflarda qoʻllarida yurt ramzini baland tutib, shijoat bilan oʻtdilar.

Shundan so‘ng, viloyat musiqali drama teatri binosi oldidagi keng sahnada tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Soʻz olganlar, davlat bayrogʻining yaratilish tarixi haqida toʻxtalib, uning yuksalishi yurt qadrining ulugʻlanishiga teng ekanini alohida taʼkidladilar. Yoshlar tomonidan bayroq haqida sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar qoʻshiqlar kuylashdi, raqslar ijro etildi.