Qoraqalpogʻiston va Xorazmda chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha koʻrsatmalar berildi

0
1242

Armiya – yoshlarni ham maʼnan, ham jismonan toblaydigan maskan, katta hayotga tayyorlaydigan hayot maktabidir. Uning saflarida xizmat qilish, Vatan himoyachisi boʻlish har bir er yigitning orzu-havasi, muqaddas burchidir.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 2023-yilgi chaqiruv mavsumi natijalari sarhisob qilinib, 2024-yilgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov raisligida oʻtgan yigʻilishda harbiy okrug boshqaruv apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, joriy chaqiruv mavsumda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari saflarini har tomonlama yetuk muddatli harbiy xizmatchilar bilan butlash, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati uchun pul badallarini undirish hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari va harbiy-akademik litseylarga nomzodlarni tayyorlash ishlarida respublika miqyosida yuqori natijalarni koʻrsatgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmalarining xizmatlari Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan ham yuqori baholanib, ularning ilgʻor tajribalari namuna sifatida eʼtirof etilgan.

Biroq qoʻlga kiritilgan natijalar bilan toʻxtab qolmasdan, kelasi yilgi chaqiruv mavsumiga jiddiy tayyorgarlik koʻrish, milliy armiyamiz saflariga har tomonlama barkamol yoshlarni hozirdan aniqlash, hududlarda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar sifatini oshirish, maktablardagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilarning imkoniyatlaridan keng foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Kelayotgan yangi chaqiruv mavsumini sifatli tashkil etish va oʻtkazish uchun joylarda Rahbariyat kengashi raislari va aʼzolari bilan saralash tadbirlarini sifatli tashkillashtirish, mudofaa ishlari boʻlim va boshqarmalari faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berib oʻtildi. Oʻtgan chaqiruv mavsumida kuzatilgan kamchiliklar va ularga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar ogohlantirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 591-son qarori mazmun-mohiyati ishtirokchilarga yetkazildi. Taʼlim dargohlaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilarining kasbiy bilimlarini boyitish, yoshlarni vatanpararlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrnini oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Joriy yilgi chaqiruv mavsumida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan tadbirlar xususida mansabdorlarning hisoboti tinglanib, yigʻilish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati