Qarshida bir guruh yoshlar harbiy okrug boshqaruv apparati mehmoni bo‘ldi

0
1497

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida joylashgan 7-, 55-, 64- hamda 34-umumtaʼlim maktablarining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolaridan iborat 100 nafardan ortiq yoshlar Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatiga sayohat qildi.

Okrug masʼul ofitserlari tashabbusi bilan ertamiz egalarining harbiy vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda dastlab mehmonlar okrug shtabida harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.

Yozgi va qishki bogʻlar, kutubxona hamda elektron kutubxonalar boʻylab qilingan sayohatlar, qurol-aslahalar namoyishi jarayonlari ulkan taassurot manbayi boʻldi desak adashmaymiz.

Okrug shonli tarixi muzeyi oʻz bagʻriga harbiy tarixni gavdalantiruvchi turli maʼlumot va eksponatlarni qamrab olgan. Bir tomonda harbiy qismlar bosib oʻtgan shonli yoʻl borasida zaruriy maʼlumotlar saqlansa, boshqa tomonda yurt oʻgʻlonlari erishgan yutuqlar gavdalantirilgan. Umuman olganda, muzey boʻylab qilingan kichik sayohatning oʻzi yoshlarda harbiy xizmat borasida ulkan maʼlumotlar olishga imkon berdi.

Shundan soʻng, okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida “Harbiy xizmat – sharaf va masʼuliyat!” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Koʻp yillik harbiy hayot tajribasiga ega insonlar yoshlarga oʻz nasihat va maslahatlarini berdilar.

Harbiy okrug psixolog va sotsiologlar jamoasi yoshlarning harbiy xizmat haqidagi tushunchalarini oʻrganishga qaratilgan “Men ham harbiy boʻlaman” mavzusidagi anketa soʻrovnomalar qabul qildilar.