Qashqadaryoning olis garnizonidagi harbiy qismda keng qamrovli tibbiy koʻrik tashil etildi

0
1527

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Pachkamar garnizonida joylashgan harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi, okrug boshqaruv apparati, Gʻuzor tumani hokimligi, barcha kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Dastlab, qism madaniyat markazida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va rahbarlar oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Harbiy shaharchada yaratilgan sharoitlarni oʻrganish, mahalla va oilada uchrayotgan muammo va kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan suhbatlarda harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari uchun kerakli maslahatlar berildi. Suhbat asnosida oilaviy ajrimlarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish yoʻllari borasida fikrlar bildirildi.

Shundan soʻng alohida xonalarda masʼul rahbarlar tomonidan murojaatlar tinglandi. Harbiy xizmatchilarning band boʻlmagan turmush oʻrtoqlarini ish bilan taʼminlash borasidagi murojaatlar Gʻuzor tuman hokimligi masʼullari tomonidan hal etilishi belgilandi. Barcha savollarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Harbiy qism tibbiyot punktida oʻtgan tibbiy koʻrik jarayonlariga Qashqadaryo viloyati Onkologiya dispanseri shifokor mammolog va okusher ginekologlari, Qarshi harbiy gospitali malakali mutaxassislari, viloyat “Sogʻlom avlod uchun” shifokorlar patronaj brigadasi hamda sayyor mammografiya texnikasi mutaxassislari bilan birgalikda jalb etildi. Tashrif buyurgan yuzlab murojaatchilarga nevropotolog, pediatr, ginekolog, lor, stomotolog, UTT tekshiruvi singari bir qancha tibbiy xizmatlar koʻrsatilib, sogʻlom turmush tarzi borasida maslahatlar berildi.

Shuningdek, qism hududiga bolalar koʻchma oʻyingohi va kitob yarmarkasi keltirilgani mehmonlar hamda harbiy xizmatchilari vaqtini yanada sermazmun oʻtishi uchun xizmat qilgani aniq.