Markaziy harbiy klinik gospitalga Koreya Respublikasi harbiy tibbiyot mutaxassislari tashrif buyurdi

0
1870

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitaliga Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiyot mutaxassislari tashrif buyurdi. Ikki davlat mudofaa tibbiyotida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tashrif tibbiyot muassasasi faoliyati bilan qisqa tanishuv va soha yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar muhokamasi bilan boshlandi. Shundan soʻng majlislar zalida koreyalik delegatsiya aʼzolari tomonidan olib kelingan soʻngi rusumdagi mobil rentgen uskunalarining afzalligi xususida maʼlumot berildi.

Ikki davlat hamkorligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning bir qismi oʻlaroq, sunʼiy intellekt boʻyicha Oʻzbekiston bilan hamkorligimizni boʻlishish maqsadida yurtingizga tashrif buyurdik, — deydi Koreya milliy IT sanoatini rivojlantirish agentligi mutaxassisi Yun Myong Suk honim. — Koreyada ishlab chiqarilgan eng soʻngi tibbiy uskunani Oʻzbekistonga olib keldik. Bu bilan harbiy xizmatchilarni sogʻligʻini mustahkamlash va rivojlanish pallasida boʻlgan kasalliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni ham amalga oshira oladigan sunʼiy intellektga asoslangan mobil rentgenlarining taqdimotini oʻtkazdik. Oʻylaymanki, bunday zamonaviy tibbiy uskunalar orqali nafaqat mudofaa qoʻshinlarining salomatligi, balki, aholi sogʻligi bilan ham bemalol shugʻullanish mumkin boʻladi. Uning afzalligi shundaki, oldingi uskunalarga qaraganda yengil, qoʻyadigan tashxisi aniq, tibbiyot xodimi uni koʻchma tibbiy maskan va dala oʻquv maydonlarida ham olib yurishi va bemalol undan foydalanishi mumkin. Ushbu uskuna toʻliq quvvatlanganda 70 dan 90 nafargacha boʻlgan inson tana aʼzosini rentgen qilish qobiliyatiga ega. Bu esa elektr toki boʻlmagan holatlarda ham tibbiyot xodimlarining bemordagi ogʻir shikast yetgan joylarini uni shifoxonga olib kelmasdan joyida tashxis qoʻyish imkonini beradi.

Shu kuni koreyalik mutaxassislar tomonidan dastlab sunʼiy intellektga asoslangan mobil rentgen apparati xususiyatlariga nazariy toʻxtalib oʻtilgan boʻlsa, kunning ikkinchi yarmida oʻsha uskunani mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda yigʻish va undan foydalanishga qaratilgan amaliyot oʻtkazildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti