“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi

0
1555

Bayroq qadim-qadimdan xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʻlib kelgan. Jang-u jadallarda ham bayroqning yerga tushishi magʻlubiyatni anglatgan. Shunday ekan, millat bayrogʻi — bu gʻurur timsoli sanaladi.

Bu yil Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi 32 yoshga toʻlmoqda. Ushbu tantana munosabati bilan esa hududlarda ko‘plab bayram tadbirlari tashkil etilyapti. Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Choʻyanchi” mahallasida tuman hokimligi, Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, keng jamoatchilaik vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” shiori ostida festival oʻtkazildi.

Festival doirasida dastlab 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan mahalla ahli ishtirokida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Shundan soʻng, festival ishtirokchilari oʻrtasidagi sportning stol tennisi, voleybol hamda shaxmat-shashka turlari boʻyicha musobaqalar hamda sheʼriyat kechasi tashkil etildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilarni qoʻl jangi, faxriy qorovulning koʻrgazmali saf chiqishlari hamda harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanni, tinchlik va mardlikni tarrannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari yig‘ilganlarga oʻzgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, Toshkent harbiy okrugining Chirchiq garnizonidagi harbiy qismda “Bayrogʻimiz — faxrimiz, gʻururimiz” mavzusida maʼnaviy va maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi. Tadbirda ishtirok etgan Chirchiq shahar hokimligi vakillari oʻz maʼruzalarida davlat bayrogʻining mustaqillik ramzlardan biri ekani va uning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.