“Maʼnaviyat marafoni” doirasidagi bellashuvlar

0
880

Аjdodlar mardona ruhi senga yor. “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga yig‘ilgan yoshlar aynan mana shu shior ostida bir nuqtada jam bo‘ldi. “Maʼnaviyat marafoni” loyihasi doirasida olib borilayotgan tadbir Zangiota tumanidagi 32-umumta’lim maktabi o‘quvchilari. Tadbir “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.

Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi Аxborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti masʼul ofiserlari, kursantlar va yoshlar “Shon sharaf” muzeyi bo‘ylab tashkil etilgan ekskursiya davomida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga xalqimizning qo‘shgan ulkan hissasi, ota-bobolarimizning Vatan tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, qahramonligi xususidagi maʼlumotlarga ega bo‘ldi. Eksponatlar oldida kechgan o‘zaro suhbatlarda o‘quvchilar kursant akalaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi. Harbiylik, uning masʼuliyati, yurtga munosib bo‘lish, jamiyatning rivoji uchun hissa qo‘shish chin farzandlik burchi ekani alohida taʼkidlandi.

Muzey bo‘ylab tashkil etilgan sayohat rasmlar tanloviga ulanib ketdi. Unda o‘g‘il-qizlar musavvirlik mahoratini sinovdan o‘tkazdi. “Vatanparvarlik” mavzusida yozilgan eng yaxshi insholar va yod olingan sheʼrlar bo‘yicha kechgan bahslarda esa kim nimaga qodir ekani yuzaga chiqdi. Xullas, “Maʼnaviyat marafoni” doirasidagi tadbir o‘g‘il-qizlarning ko‘nglini xushnud qilib, unutilmas taassurot qoldirdi. Yakunda eng isteʼdodlilar aniqlanib, g‘oliblarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti