Faxriylar faoliyati e’tirof etildi

0
1658

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “O‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda faxriylar ishtiroki” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi, O‘zbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir avvalida muzey foyesida Mudofaa vazirligi harbiy orkestri sadolari yangradi. Mudofaa vazirligi faxriylari, jangovar harakatlar qatnashchilari bo‘lgan baynalminalchi jangchi-faxriylar, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari va maktab o‘quvchilari qatnashgan davra suhbatida birlashma rahbari Tal’at Murodov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev faxriylarning boy hayotiy tajribasi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirda Аfg‘onistondagi jangovar harakatlar qatnashchisi, tibbiyot fanlari doktori, “Doctor D” ko‘p tarmoqli shifoxonasi asoschisi, androlog-reproduktolog Dilmurod Irgashev hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi, professor, iqtisodiyot fanlari doktori Bahodir Umrzoqovning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va faoliyati haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, “Kuch birlikdа” xayriya birlashmasi rahbari Vera Raupova boshchiligida amalga oshirilgan tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Yakunda tadbirning atoqli mehmonlari yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda qo‘shayotgan munosib hissasi uchun tashkilotchilar tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti