“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida festival boʻlib oʻtdi

0
2261

18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 32 yil toʻlishi munosabati bilan mamlakatimizda “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat fazilatlarini shakllantirish, davlat ramzlarining milliy davlatchiligimiz tarixi, bugungi mustaqil taraqqiyotimizda tutgan oʻrni va qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgan keng qamrovli vatanparvarlik tadbirlari tashkil etilmoqda.

Xususan, Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilarining tashabbusi bilan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan parad va festival oʻtkazildi.

Davlatimiz ramzlarini oʻzida aks etgan parad davomida ishtirokchilar O‘zbekiston bayrog‘ini baland koʻtarib, Navoiy shahridagi istirohat bogʻidan boshlab markaziy koʻchalari boʻylab yurib oʻtishdi.

Darhaqiqat, ushbu “Vatanparvar karvoni”ning tantanali harakatlanishiga guvoh boʻlgan har bir yurtdoshimiz koʻnglida vatanparvarlik hissi joʻsh urib, davlatimizning ramzlariga, jumladan, milliy bayrogʻimizga nisbatan yuksak ehtirom va faxr-iftixor tuygʻusini his qilishi shubhasiz.

Tadbirda maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishi, bayram chiqishlari boʻldi va bu chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bugun bu bayroq faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, shu yurtda tugʻilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni yaqinlashtiradigan vositaga aylangan. Dunyoning qaysi burchida boʻlmang, bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, qadrdon Vatanni yodga soladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati