“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

0
815

2023-yil 15-noyabrdan 17-noyabrga qadar Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi”  davlat unitar korxonasi, “Team & Co Group” kompaniyasi yarmarka tashkilotchilaridir.

“Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi  TXTY-2023 ning bosh hamkori sifatida ishtirok etadi. An’anaga ko‘ra, yarmarka o‘tkaziladigan joy sifatida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyoni tanlandi.

Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, ishbilarmonlik aloqalari va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beruvchi axborot maydonchasidir. TXTY 1995-yildan buyon BMTning Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) koʻmagida oʻtkazib kelinmoqda.  Ko‘rgazma har yili turizm sohasining yuzlab mutaxassislarini jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratib kelmoqda.

O‘tgan 2022-yilda, ikki yillik tanaffusdan so‘ng, TXTY-2022 ning shov-shuvli qaytishi bo‘lib o‘tdi. TXTY tarixida ilk bor Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi davlat-xususiy sheriklik ko‘rinishida byudjet mablag‘larini jalb qilmagan holda tashkil etildi.

Bu yilgi yarmarka ham butun dunyodan sayyohlik biznesi mutaxassislarini birlashtirishi va ko‘p jihatdan ushbu sohaning barcha vakillari: yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, yirik mehmonxonalar tarmoqlari, diplomatik korpuslar, turizm sohasidagi ta’lim muassasalari xodimlari, MICE-turizm vakillari uchun foydali bo‘lishi kutilmoqda.

Yarmarka doirasida Fransiya, Chexiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Singapur, Hindiston, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, Xitoy va boshqalar kabi 20 ta davlatning milliy stendlar bilan turizm ma’muriyatlari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. TXTY ishtirokchilari orasida Gruziya Turizm Departamenti, Chexiya Milliy Turizm Boshqarmasi, Ozarbayjon Davlat Turizm Agentligi, Koreya Davlat Turizm Tashkiloti, Tailand Qirolligi Turizm Byurosi, Malayziya Turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha kengashi, Rossiyaning Mintaqaviy turizm qo‘mitalari va Singapur Milliy sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi kabi yirik tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.

TXTY-2023’ning ishbilarmonlik qismida turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida Xalqaro forum o‘tkaziladi. Shuningdek, B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlarining taqdimotlari, mahalliy va xalqaro miqyosdagi oshpazlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladigan gastro-bozor tashkil etish rejalashtirilgan.

TXTY-2023 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar taklif etilgan. Jumladan: davlat sayyohlik tashkilotlari rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari, sayyohlik kompaniyalari, aviakompaniyalar, sug‘urta kompaniyalari, mehmonxonalar, sayyohlik majmualari, firmalar, O‘zbekiston turizm brendi elchilari, shuningdek, xalqaro OAV vakillari (“BBC World News”), “Lonely Planet” va boshqalar).

Joriy yilda TXTY-2023 koʻrgazmasiga mahalliy aholi hamda MDH, Osiyo va Yevropa davlatlaridan 15 ming nafargacha tashrif buyuruvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish va xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun ajoyib imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlari yangi sayyohlik manzillarining turizm salohiyatini baholash mumkin bo‘ladi.

Eng yirik xalqaro sayyohlik tadbiri ishtirokchisi boʻlish va oʻz sayyohlik biznesingizni ochish, shuningdek, jahon turizm sanoati mutaxassislari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ta’tilingizni uzoq muddatga rejalashtirish imkoniyatini qoʻldan boy bermang.

www.titf.uz veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali har kim TXTY-2023 mehmoni bo‘lishi va tadbirga tashrif buyurish qoidalari bilan tanishishi mumkin.