Harbiy xizmatchilar tog‘ tayyorgarligi mashg‘ulotlarida mahoratini oshirmoqda

0
2405

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari togʻli hududlarda harakatlanish, yashab qolish, qoyalarga chiqish va tushish, toʻsiqlarni yengish, arqon yordamida bir qoyadan ikkinchisiga oʻtish kabi mashqlarni bajarib, amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdi.

Maʼlumki, amaliy mashgʻulotlarning samaradorligi mustahkam nazariy bilimlar va tinimsiz izlanishlarga bogʻliq boʻladi. Shimoldagi oʻgʻlonlar ham ana shu qoidalarga amal qilib, koʻnikmalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Bilimlarini kun-u tun oshirib, tajribalar orttiradi.

Nazariy jihatdan koʻrib chiqilgan va mustahkamlangan bilim va koʻnikmalar harbiy xizmatchilar tomonidan Qoraqolpogʻiston Respublikasidagi Qoratov togʻ tizmalarida amaliy tarzda sinovdan oʻtkazildi. Osmonoʻpar qoyalar va qir-u adirlarda azamatlar navbatma-navbat topshiriqlarni bajardi. Yoʻriqchi serjantlar tomonidan oʻrgatilgan bilimlar asosida yigitlar arqonda tugun hosil qilish, ishonchli tayanch joyini belgilash, qoyaga koʻtarilish va tushush jarayonlarida qoʻl va oyoqlarga kuchni toʻgʻri yoʻnaltirish kabi jihatlarga ahamiyat qaratib, berilgan topshiriqlarni bajardi.

Albatta, togʻ tayyorgarligi harbiy xizmatchi uchun qanday boʻlinmada xizmat olib bormasin juda kerakli va muhim mashgʻulot hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, togʻda harakatlanishning muhim sirlari, eʼtibor qaratish kerak boʻlgan jihatlar qadam-baqadam oʻrgatiladi va oʻqitiladi. Bu esa choʻl va togʻli, issiq va sovuq ob-havo, xullas, murakkab vaziyatlarda ham azamatlarni nimalarga qodirligini koʻrsatish imkonini beradi. Oʻzi va safdoshiga boʻlgan ishonchi oshadi. Toʻgʻri qaror qabul qilishda ham samarali sanaladi bunday oʻquvlar.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati