Boshlangʻich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari ishtirokida yig‘in oʻtkazildi

0
2016

Samarqand va Jizzax viloyatlarida joylashgan umumtaʻlim maktablari hamda oʻrta maxsus taʻlim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari uchun “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusida bir kunlik oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi.

Yigʻinda Jizzax viloyatidan 612 nafar fan oʻqituvchisi Jizzax garnizonidagi harbiy qismda, Samarqand viloyatidagi 1250 nafarga yaqin oʻqituvchi esa ikkita oʻquv nuqtasi — Samarqand va Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qismlarda tashkil etilgan yigʻinda ishtirok etishdi.

Dastlab yig‘in ishtirokchilari harbiy qismlarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bugungi kunda milliy armiyamizda qo‘llanilayotgan zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-yarog‘lar bilan yaqindan tanishdi, ular haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasining mas’ul ofitserlari rahbarligida oʻtkazilgan ushbu yigʻinlar dastlab tanqidiy ruhda oʻtkazilib, unda oʻquvchilar boshlangʻich tayyorgarlik fanini chuqur oʻzlashtirish borasida yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklar, moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha mudofaa ishlar boshqarma va boʻlimlarining hisoboti orqali tahlil etildi. Shuningdek, soha vakillari zimmasiga yuklatiladigan masʻuliyat va javobgarlik, ona Vatanga sadoqat, fidoyilik borasida tushunchalarni yoshlarga chuqurroq anglatish lozimligi aytib oʻtildi.

Tadbir davomida Mudofaa vazirligi miqyosidagi oliy harbiy bilim yurtlarining mas’ul ofitserlari tomonidan fan o‘qituvchilarini “Temurbeklar maktabi” va “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseylari va oliy harbiy taʻlim muassasalariga jalb etishi uchun har bir taʻlim muassasasida yaratilgan sharoitlar, taʻlim jarayonlari hamda o‘qishga kirish tartibi haqida ma’lumotlar berildi.

Yigʻin yakunida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shahar tumanlarda o‘rnak bo‘layotgan yoshlarni boshlang‘ich tayyorgarlik bilim va koʻnikmalarini yuqori saviyaga olib chiqqan bir guruh fan o‘qituvchilariga okrug qo‘mondonligining tashakkurnomasi topshirilib, oliy harbiy bilim yurtlari haqida ma’lumotlarni o‘zida jamlagan bukletlar tarqatildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati