Harbiy xizmatchilar “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

0
1696

Bugungi hayotimiz va taraqqiyotga raxna solayotgan ekologik muammolar sayyoramizning taqdirini oʻylaydigan har qanday insonni tashvishlantirmay qoʻymaydi. Shu bois, jahon hamjamiyati tomonidan global ekologik muammolarga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishga erishish yoʻlida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Chegara bilmas, hudud tanlamas ekologik muammolar mintaqamizni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois, soʻnggi yillarda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida tabiiy muvozanatni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, ekologiya sohasidagi ishlarni tashkil etish borasida huquqiy va tashkiliy asoslar zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirildi. Oxirgi yillarda bu yoʻnalishda Prezidentimizning 20 ga yaqin farmon va qarorlari, davlat dasturlari, strategiyalar qabul qilindi. Sohada ishlarni tashkil etishning moliyaviy manbalari aniq belgilab berildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi ana shunday ezgu qadriyatlarimiz davomiyligini taʼminlash va barqaror rivojlanishga erishishda muhim omil boʻlmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilishi anʼanaga aylangan ushbu ekologik loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish va shu orqali mamlakatimiz yashil maydonlarini amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.

Shu kabi maqsadlar yo‘lida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan harbiy qism hududiga ko‘chatlar ekildi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi sport markazi sportchilari tomonidan ham makazga tegishli hududlardagi yoʻl va ariq boʻylari, boʻsh turgan joylarni koʻkalamzorlashtirish, yangi bogʻlar yaratish hamda yashil hududlarni kengaytirish ishlari olib borildi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kapitan Ruslan Nurudinov, kichik serjantlar Niyaz Pulatov, Ulugbek Rashitov, Malika Xakimova kabi nomdor sportchilar va yosh sportchilar tomonidan 120 dan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.