Joylarda “Maʼnaviyat marafoni” yuqori kayfiyatda oʻtkazildi

0
811

Respublikamiz boʻylab ilk bor yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan insonlar uchun “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” gʻoyasi asosida “Maʼnaviyat marafoni” oʻtkazilmoqda.

Ushbu marafonni o‘tkazishdan koʻzlangan maqsad yoshlar oʻrtasida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish, asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy urf-odatlar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targʻib qilish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishdan iboratdir.

Ana shunday ezgu maqsadlar Markaziy harbiy okrug boʻylab ham “Maʼnaviyat marafoni” yuqori kayfiyat boʻlib oʻtdi. Maʼnaviyat va maʼrifat markazida start olgan tadbirda okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat xodimlari, harbiylar va yoshlar ishtirok etdi.

Marafonning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshid Ochilov, Oliy Majlis Senati aʼzosi Farmon Toshev soʻzga chiqib, tadbirning ahamiyati haqida toʻxtalib, maʼnaviyat rivoji yoʻlida barchani faol boʻlishga chorladi.

Tadbir doirasida harbiylarning jangovar chiqishlari, sport oʻyinlari, milliy qadriyatlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Marafon doirasida “Baxtli bolalik”, “Kitob — bilim bulogʻi”, “Kasb-hunar olimpiadasi”, “Kasbim — faxrim”, “Yashil kelajak”, futbol boʻyicha “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi kubogi” kabi mavzularda aksiya, tanlovlar, kitob yarmarkalari, adabiy kechalar, sport musobaqalari oʻtkaziladi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida ham harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — vatanmiz!” shiori ostida maʼnaviy maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Faxriylarni qo‘llab-quvvatlash jamgʻarmasi boshqarmasi, Jarqoʻrgʻon tumani hokimligi, “Nuroniylar” kengashi vakillari va faxriylar ishtirok etdi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir davomida mehmonlarga harbiy qismda mavjud boʻlgan harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi.

Bundan tashqari Qoʻshrabot tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat marafoni” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tumani hokimligi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, tuman mudofaa ishlar boʻlimi xodimlari, maktab direktorlari, oʻqituvchilar, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Marafon dastlab harbiy qismga tashrif buyurgan mehmonlar uchun jangovar qurol-aslahalar va harbiy texniklar koʻrgazmasidan boshlandi. Shundan soʻng tadbirning tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, unda soʻzga chiqqanlar milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosatining ijrosi va yuksak maʼnaviyatimizni oshirishga qaratilgan ishlarning samarasi haqida maʼlumotlar berdi.

Shundan soʻng “Yashil makon” umummilliy harakati va marafon doirasida harbiy qismda “Maʼrifat bogʻi” barpo etildi. Keng jamoatchilik, yoshlar va harbiy xizmatchilar tomonidan ushbu bogʻga turli xildagi manzarali hamda mevali daraxt koʻchatlari ekildi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning farzandlari va oʻquvchi yoshlar ishtirokida mutaxassislar tomonidan harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviyat soatlari tashkil etilib, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolariga maxsus koʻkrak nishonlari ham topshirildi.