Elektr uskunalari va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qiling

0
1066

Kuz-qish mavsumida ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida konditsionerlar va turli xildagi dekorativ kamin pechlari hamda yoz bo‘yi foydalanilmasdan turli karroziyaga uchragan elektr isitish moslamalaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda ayrim fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida koʻngilsiz hodisalar va yong‘inlar sodir boʻlishi mumkin.

Toshkent garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi, mazkur hodisalarning oldini olish maqsadida elektr uskunalaridan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilishni soʻraydi:

Isitish mavsumi boshlanishidan oldin pechlar, qozonlar, issiqlik hosil qiluvchi elektr-gaz uskunalar hamda boshqa isitish anjomlari va tizimlari tekshirilgan va ta’mirlangan bo‘lishi kerak. Nosoz isitish pechlari, qozonxona jihozlari, issiqlik hosil qiluvchi qurilmalar va boshqa isitish anjomlaridan foydalanish taqiqlanadi!

Elektr qurilmalaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchining foydalanish hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmagan sharoitlarda ishlatish yoki nosozligi bo‘lgan elektr jihozlaridan foydalanish;
  • himoya qobig‘i shikastlangan yoki himoyalash xususiyatini yo‘qotgan elektr kabel va simlardan foydalanish;
  • shikastlangan (nosoz) elektr rozetkalaridan, rubilniklardan, himoya vositalaridan, elektr simlari qutilaridan va boshqa elektr qurilmalardan foydalanish;
  • elektr simlari va kabellarini yelimlash va bo‘yash, elektr lampalar va yoritkichlarni qog‘oz, mato va boshqa yonuvchi materiallar bilan o‘rash, shuningdek, yonuvchan materiallar saqlanadigan omborxona (yordamchi) binolaridagi chiroqlardan himoya qalpoqlarini yechib olgan holda foydalanish;
  • yonmaydigan materialdan ishlangan tagliklarisiz (podstavka) dazmol, elektr plitka, elektr choynak va boshqa elektr isitish anjomlaridan foydalanish;
  • tarmoqqa ulangan elektr isitish moslamalarini va boshqa maishiy elektr jihozlarini nazoratsiz qoldirish (ishlab chiqaruvchi korxonaning yo‘riqnomasida kunu tun ishlaydigan va (yoki) ishlashi mumkin bo‘lgan elektr jihozlari bundan mustasno);
  • nostandart (qo‘lbola) elektr isitish moslamalaridan, shuningdek, ularda konstruksiyasida nazarda tutilgan yong‘in kelib chiqish ehtimolini istisno qiluvchi termoregulyatorlari mavjud bo‘lmaganda yoki ishlamay qolganda foydalanish;
  • elektr uzatish tarmoqlari va elektr jihozlarini ortiqcha yuklanishdan va qisqa tutashuvlardan himoya qilish uchun avtomatik saqlagichlar va kalibrlangan eruvchan himoya o‘rnatmasi o‘rniga qo‘lbola tayyorlangan (sim o‘ramalari, “qo‘lbola saqlagich” va boshqalarni) vositalarni qo‘llash;
  • omborxonalar ichidan, shuningdek, yong‘in hamda yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan hududlardan elektr sim va kabellarni tranzit holda hamda havo quvurlari va quvurlar tarmog‘i orqali olib o‘tish;
  • yonuvchi materiallar saqlash omborxonalari va bostirmalari, yonuvchan tomlar ustidan ochiq elektr uzatish liniyalari va tashqi elektr simlarini yotqizish;
  • arxivlar, muzeylar, galereyalar, kutubxonalar va omborlar binolarida elektr isitish moslamalaridan foydalanish;
  • elektr tarmog‘ining yuklamasini ruxsat etilgan me’yoridan oshirish;
  • qurilish-montaj, ta’mirlash va avariyaviy-tiklash ishlari amalga oshirilayotgan joylarni elektr ta’minoti bilan ta’minlash hamda vaqtincha illyuminatsiya yoritish uchun o‘tkazilgan elektr o‘tkazgichlardan tashqari vaqtinchalik elektr o‘tkazgichlardan foydalanish va ularni o‘rnatish;
  • radio va telefon simlaridan elektr tarmoqlari simlari sifatida foydalanish;
  • taqsimlovchi elektr shchitlari va ishga tushirish boshqaruv jihozlarini ochiq holatida ishlatish;
  • turli xil materiallardan (mis va alyuminiydan) tayyorlangan elektr simlari (kabellari) o‘tkazgichlarni bir-biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash;
  • bir-birini zaxiralovchi elektr zanjirlarini, ishchi va avariya yoritish zanjirlarini, boshqaruv va ta’minlovchi elektr kabellarini bir lotokda yoki qurilish konstruksiyasining bir yopiq kanalida, bog‘lamida, metall yengda, quvurda o‘tkazish taqiqlanadi.