Chirchiqda davlat boshqaruv organlari mas’ullari ishtirokidagi safarbarlik yigʻini yakunlandi

0
1325

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq 6-10-noyabr kunlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilot rahbarlari Chirchiq umumqoʻshin dala-oʻquv maydonida tashkillashtirilgan safarbarlik yigʻinida ishtirok etdi.

Deyarli bir hafta davom etgan ushbu safarbarlik yigʻinida davlat boshqaruvi organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va ahamiyati bilan tanishtirilib, harbiy aloqa, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, harbiy texnik-sport bellashuvlari hamda harbiy qurollardan foydalanish tayyorgarligidan oʻtdi.

Shuningdek, yigʻin davomida ishtirokchilarga jangovar va zirhli texnikalarning boshqarilishi, ekipajlar joylashuvi, ulardagi qoʻllaniladigan qurol va qurilmalarni ishlatish haqida batafsil tushuncha va koʻnikmalar berildi. Kundalik mashgʻulotlardan soʻng madaniy koʻngilochar tadbirlar uyushtirildi.

Doʻstona sport bellashuvlari, jangovar qurollardan otish musobaqalari oʻtkazilishi safarbarlik yigʻinining harbiy-vatanparvarlik ruhida oʻtishini taʼminladi. Bir necha kun milliy armiya havosidan nafas olgan davlat boshqaruvi organlari rahbarlari mamlakatimiz mudofaa qudratini oʻz tanalarida his etish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Qisqsa qilib aytganda, ular oʻz xizmat faoliyatni harbiy xizmatchilarga xos kun tartibi, harbiylar yotoqxonasi va oshxonasi, oʻquv nuqtalaridagi mashgʻulotlarga almashtirishdi.

Safarbarlik yigʻini yakunida ishtirokchilar Mudofaa vazirligi markaziy harbiy klinik gospitali va Qurolli Kuchlar hamda Harbiy tibbiyot akademiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Markaziy harbiy klinik gospitali va harbiy tibbiyot akademiyasi tanishish jarayonida mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining Chirchiq umumqoʻshin dala-oʻquv maydonidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, bu kabi hamkorliklar davlatimiz qudratini yanada oshirishini taʼkidlab oʻtdi.

Shundan soʻng, Qurolli Kuchlar akademiyasida safarbarlik yigʻini qatnashchilariga yigʻinni toʻliq oʻtaganlik boʻyicha sertifikat, eng faol qatnashchilarga esa Mudofaa vazirligining faxriy yorliq hamda musobaqalarda gʻolib boʻlgan jamoalarga kuboklar tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlash marosimida qatnashgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilot rahbarlari mamlakatimiz rivojidagi ishonchli jamoasi ekanligiga alohida eʼtibor qaratib, ularning kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat bildirib qoldi.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti