O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri 80 yoshga to‘ldi

0
6329

Bugun, 10-noyabr kuni O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov 80 yoshni qarshiladi. Yubiley munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo‘llangan tabrik maktubi o‘qib eshittirildi.

Tantanali marosimda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Mudofaa vazirligi rahbariyati, davlat va jamoatchilik vakillari, faxriylar ishtirok etib, yubiley egasini qutlug‘ 80 yosh bilan muborakbod etdilar.

“Bugungi bayram uchun barchaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Yoshlarning, jumladan, harbiylarning ma’naviy salohiyatini oshirish, ularga zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni berish, biz kabi iste’fodagi harbiylarga Vatanimiz manfaatlari uchun yana xizmat qilish imkoniyatini yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga rahmat aytib qolaman”, — deya o‘z minnatdorchiligini bildirdi Rustam Ahmedov.

Rustam Ahmedov 1943-yilda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. Qo‘qon shahridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrifikatsiyalash texnikumini tamomlagan. 1962—1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan.

Xizmat faoliyati davomida O‘zbekiston Mudofaa ishlari bo‘yicha vazir — milliy gvardiya qo‘mondoni (1991 yil), O‘zbekiston mudofaa vaziri (1992—1997 yy.), O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri (1997—1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan. 2018-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti