Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

0
1903

“Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining Vatan himoyasi va Qurolli Kuchlar uchun harbiy kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi tarixiy hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bilim yurtining 105 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur keng qamrovli anjumanda yurtimizdagi bir nechta yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda o‘nga yaqin davlatlar vakillari, Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, mamlakatimizdagi harbiy attashelar va kursantlar ishtirok etdi.

Anjumanni harbiy ta’lim muassasasi boshlig‘i polkovnik Shavkat Mamajonov ochib berar ekan, mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad nafaqat bilim yurtining Qurolli Kuchlarimizni mustahkamlash yo‘lida qo‘shib kelayotgan hissasi, yutuqlarini e’tirof etish, erishgan marralarini ommalashtirish, balki xorijiy mamlakatlar harbiy mutaxassislari bilan harbiy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish ham ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Konferensiya davomida xorijiy harbiy mutaxassislar va harbiy ta’lim yo‘nalishlaridagi mahalliy kadrlar o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Harbiy kadrlar tayyorlashning samaradorligini oshirish, shuningdek, ularga xorijiy tillarni puxta o‘rgatish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglanib, tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, ushbu anjuman hamkorlikdagi loyihalarning yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.

Anjumandan so‘ng tashkil qilingan bilim yurti bo‘ylab sayohat va milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Yulduz O‘rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmaenti