Tibbiyot xodimlari kuni nishonlandi

0
2455

Maʼlumki yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish, sohaga doir dasturlar ijrosini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi koʻp yillik samarali mehnati, ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun bir qator soha fidoyilarining mehnatlari eʼtirof etiladi. Erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar sarhisob qilinadi.

Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasida ham sana munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, harbiy tibbiyot vakillari, akademiya kursantlari ishtirok etdi. Dastavval general-mayor Hamdam Qarshiyev soha vakillariga mudofaa vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Soʻnggi yillarda harbiy tibbiyot sohasidagi oʻzgarishlar, qolaversa, sohani yanada rivojlantirish maqsadida Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, AQSH, Hindiston, Xitoy va Pokiston davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng harbiy tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun munosib hissa qoʻshib kelayotgan, chuqur bilim va yuqori malakaga ega bir qator mutaxassislar turli mukofotlar bilan taqdirlandi. Tibbiyot sohasida oʻzidan munosib iz qoldirgan, kasbi yoʻlida namuna koʻrsatgan marhum ustozlar yodga olindi.

Shundan soʻng bayram tadbiri maʼnaviy-maʼrifiy qismga ulanib ketdi.

Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti