Qashqadaryoda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi

0
1225

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Qarshi davlat pedagogika universiteti hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talaba yoshlari Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug mehmoni bo‘ldi.

Tadbir avvalida yoshlarning okrug shonli tarixi muzeyi va qishki hamda yozgi kutubxonalari boʻylab qilgan sayohati tashkil etildi. Shundan soʻng katta majlislar zalida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda okrug qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Isroil Sobirov, okrugning faxriylar kengashi aʼzolari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari hamda taʼlim dargohlarining oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

Soʻz olganlar milliy armiyamizning yurt tinchligi, Vatan osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yoʻlidagi oʻrni va ahamiyati, sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqidagi muhim fikrlarini bildirishdi. Shuningdek, talaba yoshlar hamda askarlar tomonidan ijro etilgan sheʼr va qoʻshiqlar tadbirga koʻtarinkilik baxsh etdi.

Samimiy muloqot ruhida boʻlib oʻtgan tadbir davomida rahbarlar yoshlarning muammolari bilan qiziqib, ularning takliflarini tingladi. Yoshlar ham harbiy xizmatni oʻtash tartibi, shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilinish talablari borasida bergan savollariga atroflicha javob olishdi hamda Vatan ravnaqi yoʻlida tuzgan rejalari, takliflarini aytib oʻtishdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati