Nukus hamda Urganchda eng yaxshi kutubxonachi va madaniyat markazi tanlab olindi

0
892

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalari oʻrtasida “Eng yaxshi kutubxonachi” va “Eng yaxshi Madaniyat markazi boshligʻi” tanlovlarining harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Eng yaxshi kutubxonachi” tanlovida kutubxona faoliyati va kutubxonachilarining kasbiy mahorati, kitoblarni saqlash holati, kitobxonlarga koʻrsatayotgan xizmat turlari, elektron katolog yaratilgani va undan foydalanish koʻrsatkichi, kitobxonlik kechalari oʻtkazilishi, tanlovlar tashkil etilishi, kitobxonlar bilan ish faoliyatni tashkil etish, internet global tarmogʻi yordamida berilgan mavzu boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish, kutubxonachilarning zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan ish jarayonida samarali foydalana olish qobiliyati kabi mezonlar boʻyicha baholab borildi.

Ishtirokchilar sohaga oid test savollariga javob berib, kutubxonaga oid meʼyoriy hujjatlar, yangiliklar, maʼnaviy-mafkuraviy bilimlari, jahon va oʻzbek adabiyoti vakillarining eng sara adabiyotlarini bilishi, kutubxonada mavjud boʻlgan adabiyotlardan mavzuga oid bibliografik koʻrsatgich tuzish, kutubxona fondi va adabiyotlar bilan ishlash, oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar rejasi va ssenariysini tuzish boʻyicha bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Nukus garnizonidagi eng olis hududda joylashgan harbiy qism kutubxonachisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Nodira Madrimova 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, “Eng ilgʻor Madaniyat markazi boshligʻi” tanlovida Qurolli Kuchlar xizmatchisi Gulzoda Mamatova gʻolib boʻlib, Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati