Is gazi va yongʻindan ehtiyot boʻlishga qaratilgan targʻibot tadbiri

0
646

Harbiy qism va muassasalarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, is gazidan zaharlanish holatining oldini olish, harbiy buyum, texnika, bino va inshootlarga zarar yetishiga yoʻl qoʻymaslik hamda kuz-qish mavsumida yongʻin xavfsizligi boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy qismda harbiylar va ularning oila-aʼzolari bilan hamkorlikdagi kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirga Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar, sogʻliqni saqlash boshqarmalari, hududgaztaʼminot filiali, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari va maxsus texnikalari jalb etildi. Jarayonda xarbiylar va ularning oila-aʼzolariga mutaxassislar tomonidan gaz va elektr asboblaridan foydalanganda yongʻin xavfsizligi choralariga toʻliq amal qilish, gaz quvurlarining toʻgʻri qoʻyilganligi va uning sozligini tekshirish, dudburon (tutun moʻrilari)ni isitish mavsumi boshlanishidan oldin va isitish mavsumi davrida qora qurumlardan tozalatish, gazli isitish pechlarida rezina quvurlardan foydalanmaslik, qoʻlbola isitish moslamalaridan foydalanishni taqiqlash, xonalarni isitishda olov choʻgʻi yoki boshqa tutash xususiyatiga ega boʻlgan hamda yonuvchi jihozlardan foydalanmaslik, harbiy qism shaxsiy tarkibining soni va ularning joylashuvi nazorat qilinishini tungi paytda kuchaytirish va boshqa talablar yetkazildi.

Mashgʻulotdan soʻng Termiz garnizoni yongʻin nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalari boʻyicha eslatmalar harbiylar va ularning oila aʼzolariga tarqatildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,Termiz garnizoni