“Dala oshxonasi” tanlovining qoʻmondonlik bosqichi oʻtkazildi

0
932

Mudofaa vazirligiga qarashli Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan dala oʻquv maydonida xalqaro “Armi – 2022” oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida “Men gʻolib” shiori ostida “Dala oshxonasi” tanlovi oʻtkazildi.

Tanlov jarayonida ishtirokchi jamoalar kasbiy tayyorgarlikdan nazariy savol-javob, oʻq otish, jismoniy tayyorgarlik va oldindan berilgan taomnoma boʻyicha taom, non va shirinliklar tayyorlash shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar.

Har bir shart yakunida hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilarning yutuq va kamchiliklari tahlil etilib, odilona baholab borildi.

Tanlov natijalariga koʻra, Qarshi shahrida joylashgan harbiy qism jamoasi faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, tanlovning navbatdagi Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Yakunda tanlov gʻoliblariga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. – Real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitlarda oʻtkazilgan bu kabi oʻquv mashgʻulotlari va tanlovlar boʻlinmalarda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish bilan birga, jangovar vaziyatlarda shaxsiy tarkibni oziq-ovqat taʼminoti bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi qoʻmondonlik oziq-ovqat xizmati boshligʻi podpolkovnik Oybek Azimov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti