Harbiy xizmatchilar “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

0
1310

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 11-oktabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning 25-oktabridan 1-dekabr kuniga qadar “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” eʼlon qilingan edi.

Mazkur loyihada barcha vazirlik hamda davlat tashkilotlari xodimlari faol qatnashishi loyihaning umummilliy harakatga aylanishida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ham mazkur aksiya shiddat bilan davom etmoqda.

Xususan, bugun, 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi shaxsiy tarkibi Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan dala o‘quv maydoni hududiga ko‘chat ekdi. Ob-havo sharoiti va mahalliy hudud iqlimidan kelib chiqib, ko‘p suv talab etmaydigan va tez unadigan minglab ko‘chatlar bugunning o‘zida yerga o‘tqazildi. Ta’kidlash kerakki, ekilgan har bir ko‘chat nazorat ostida bo‘lib, ularning barchasi tomchilab sug‘orish texnologiyasi ostida suv bilan ta’minlanadi.