Yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirishga qaratilgan “Uch avlod uchrashuvlari”

0
1628

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 68-umumtaʼlim maktabi va Chiroqchi tumanining olis togʻli hududi “Taragʻay” qishlogʻida joylashgan 100- va 109-umumtaʼlim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadiga aʼzo 100 nafarga yaqin oʻquvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurishdi.

Qarshi harbiy prokuraturasi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug hamda bilim yurti qoʻmondonligi bilan hamkorlikda oʻtgan keng qamrovli “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yoshlar uchun unutilmas voqealarga boy boʻldi.

Bilim yurti saf maydonida oʻquvchilarga harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻl jangi chiqishlari namoyish etildi. Shundan soʻng, turli oʻquv nuqtalarida yoyilgan qurol-aslahalar namoyishi jarayonlarida ertamiz egalari koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni koʻrgan yoshlardagi harbiy xizmatchi boʻlish orzusi maqsadga aylangani aniq. Madaniyat saroyida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug faxriy harbiylari, harbiy prokuratura xodimlari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ham tashkil etildi. Koʻp yillik harbiy hayot tajribasiga ega insonlar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yoshlarga taʼlim va hunar egallash borasida qimmatli nasihatlarini berishdi. Samimiy muloqotlar jarayonida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Shundan soʻng sayohat Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatida davom etdi. Mehmonlarni yuqori kayfiyatda kutib olgan mezbon ofitserlar okrug hududi va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishdi. Boshqaruv apparatining ziyo maskani sanaladigan qishki va yozgi kutubxonalar bilan tanishuv yosh kitobsevarlarni xushnud etdi.

Shuningdek, Termiz davlat universiteti Axborot texnologiyalari fakulteti majlislar zalida “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda faxriylarning oʻrni” mavzusida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy boʻlinmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Surxondaryo viloyat boʻlimi, harbiy qismlarida uzoq yillar davomida xizmat qilgan va ayni paytda umrguzaronlik qilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib hissa qoʻshib kelayotgan Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv chogʻida soha fidoyilari oʻzlarining bolalik orzu-havaslari, mashaqqatlarga boy mehnat faoliyati, xizmatda erishgan yutuqlari haqida yoshlarga toʻlqinlanib soʻzlab berishdi. Albatta, bu kabi tadbirlar oʻsib kelayotgan yosh avlodning ona Vatanga boʻlgan daxldorligini yanada kuchaytirishga hissa qoʻshadi.

Tadbirning ikkinchi qismida faxriylar va yoshlarga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari toʻgʻrisida hujjatli film namoyish etildi