O‘zbekistonda “smart” armiya istiqbollari

0
1867

 “Smart” armiya qanday boshqariladi? “Smart” armiyada innovatsion ta’lim texnologiyalaridan qanday foydalaniladi? Axborotni kriptografik himoyalash va kiberxavfsizlik bo‘yicha qanday muammolar bor? Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Smart armiyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, intellektual tizimlar va inmovatsiyalarni joriy qilish istiqboli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi-olimlar, kursantlar ishtirok etgan tadbirda ma’ruzachilar o‘zlarining bir-biridan qiziqarli va muhim mavzudagi chiqishlari orqali ma’lumotlar berdi. Jumladan, Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Y.Norbekov vazirlik qo‘shinlarida kiyim-kechak ta’minotini monitoring qilish tizimini avtomatlashtirish usuli va algoritmlari haqidagi taqdimoti ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini taʼminlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilim va koʼnikmalarini oshirish vazifasi belgilangan, – deydi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti Malaka oshirish fakulteti katta o‘qituvchisi podpolkovnik Temur Madrahimov. – Bugungi anjuman ayni vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va tadqiqotlar tahliliga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.

Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi sho‘balarda qizg‘in muhokamalar tarzida davom ettirildi. Shuningdek, “Impuls” ansambli xonandalarining musiqiy chiqishlari namoyish etildi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti