Ilmiy-innovatsion ishlanmalar va ilmiy-tadqiqotlar rivojiga qaratilgan memorandum imzolandi

0
1197

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutш hamda “UNICON.UZ” — Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuv hujjatida tomonlar o‘z vakolatlari doirasida amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida radioaloqa, radioeshittirish, mobil aloqa, yo‘ldoshli aloqa tizimlarida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimini hal etish hamda ushbu yo‘nalishda yangi texnologiyalar va standartlarni tizimga joriy etish masalalari alohida belgilab o‘tilgan. Bundan tashqari, tomonlar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarida kiberxavfsizlikni ta’minlash, axborotni kriptografik himoyalash va axborot xavfsizligida paydo bo‘layotgan tahdidlarning oldini olishga doir muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, ilmiy-konstruktorlik, o‘quv-uslubiy ishlarni va loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qiladi.

Tomonlar hujjatlarni imzolash marosimi avvalida tashkilot va harbiy institut imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, soha rivojiga qo‘shadigan hissalarini baholab olishdi.

Uchrashuv davomida sohani hamkorlikda rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar natijadorligini oshirish, xususan, ilmiy xodimlar hamda mutaxassislar tajribasini yanada mustahkamlash boʻyicha manfaatli takliflar bildirildi. Shuningdek, dunyoda sodir boʻlayotgan so‘nggi voqealar misol qilinib, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-konstruktorlik, o‘quv-uslubiy ishlarni va loyihalarni amalga oshirishda zamon talablarini hisobga olgan holda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.  

Shundan so‘ng, rahbarlar ishtirokida “UNICON.UZ” MChJ va Aloqa harbiy instituti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumiga imzo chekildi. Tomonlar kelishuv hujjatida belgilangan vazifalarni bajarishga tayyor ekanini ta’kidlab, ko‘zlangan maqasdlar o‘z samarasini berishiga ishonch bildirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti