BOBUR MIRZO “PANIPAT”DA QANDAY ZAFAR QUCHGAN EDI?

0
1240

Panipat jangi arafasida Bobur allaqachon katta harbiy bilimga va yetarli jangovar tajribaga ega edi. Zero, u o‘sha davrning Shayboniyxon, shoh Ismoil Safaviy, sulton Husayn Mirzo singari yirik hukmdorlarning harbiy mahorati – taktika va strategiyasini yaxshi o‘zlashtirgandi. Bobur qo‘shinida o‘z davrining ilg‘or harbiy qurollari – miltiq va to‘fanglar bilan qurollangan askarlar hamda zambaraklardan foydalana oladigan rumlik (turkiyalik) mutaxassis – artileriyachilari ham bor edi.

Ibrohim Lo‘diyning qo‘shini Jamna daryosining o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab, Bobur tomon harakatlanayotgan edi. Bundan tashqari, Dehli sultoniga yordam tariqasida Hisori-Firuzadan vazir Hamidxon boshchiligida qo‘shimcha ko‘mak kuchlari ham yo‘lga chiqqandi.

Boburga Hamidxonning Sulton qo‘shini bilan birlashayotgani xabari yetib
kelgach, o‘g‘li Humoyun mirzoni ilg‘or jo‘natib, Hisori-Feruza qo‘rg‘onidan kelayotgan qo‘shinni qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham to‘xtatib qolishga, agar uddalay olsa mazkur qo‘shinni mag‘lub etishga buyuradi. Boburning o‘n sakkiz yoshli o‘g‘li bu vazifani a’lo darajada bajaradi. Humoyun nafaqat bu qo‘shinni yengishga, balki uning qarorgohi Hisori-Feruzani ham egallab olishga muvaffaq bo‘ladi (1526-yil 26-fevral).

Bu orada, Boburga Sulton Ibrohim Lo‘diyning asosiy qo‘shiniga qo‘shilish
maqsadida, Dovudxon va Haytimxon boshchiligidagi 5-6 minglik qo‘shin ham Miyoni-Duobda to‘planib turganligi xabari keladi. Boburning sara amirlaridan tashkil topgan ilg‘or qismlari mazkur guruhni ham mag‘lubiyatga uchratadilar.

Boburning birin-ketin qo‘lga kiritgan g‘alabalari, aftidan, Ibrohim Lo‘diyning
ittifoqchilari orasida sarosimalik, tushkunlik va parokandalik kayfiyatlarini uyg‘onishiga sabab bo‘lgan ko‘rinadi. Sulton amirlarining ba’zilari Bobur tomoniga o‘tish istagini ishor qilsalar, ayrimlari muzokara yo‘lini izlay boshlaydilar. Aprel oyining boshida Bobur va dushman qo‘shinlari Panipat maydoniga yaqinlashib, saf torta boshladilar: “Bu qaror bila ko‘chub, ora qo‘nub, panjshanba kuni, jumodiuloxir oyining salxi Panipat kelduk. O‘ng qo‘l shahr va mahallot bo‘ldi”.

Bobur Ibrohim Lo‘diydek kuchli va son jihatidan katta ustunlikka ega bo‘lgan raqibga bas kelish uchun, O‘rta Sharqning turli mamlakatlaridagi jangovar tajribani hisobga olgan holda, o‘z qo‘shinini murakkab bir tarzda yasol – jangovar tartibga soladi. U, jangoldidan harbiy kengash tuzib, dushman bilan qachon, qaysi maydonda va qay tarzdajangga kirishish bo‘yicha puxta reja (taktika va strategiya) ishlab chiqishga kirishadi.Jangdan oldin o‘z qo‘shinini, dushman hech bir tomondan zarba bera olmaydigandarajada joylashtirishga intiladi.Temuriylar qo‘shining kayfiyatida ham g‘alabaga bo‘lgan ishonch umidlarisezilarli darajada past, ba’zi askarlar ruhiy havotirda edilar. Zero, Vatanlaridan anchauzoqda, begona xalq va begona yurtda, qolaversa, qarshilarida hali yaxshio‘rganilmagan, jang uslubi noma’lum bo‘lgan qudratli raqib turar edi. Bobur o‘zlashkarboshi va qism boshliqlarining mas’uliyatini oshirib, ularga tayin vazifalaryuklaydi hamda jang vaqtida qanday harakatlanish lozimligini qat’iy belgilab beradi.

Askarlarni jangovar ruhiy tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham ko‘riladi. “Cherik eli ba’zi xeyli mutaraddid (qo‘rquv) va mutavahhim
(xavotir) edilar. Taraddud va tavahhum betaqribdur.
Nekim azalda Tengri taqdir
qilibtur, andin o‘zga bo‘lmas. Agarchi alarni ham ayb qilib bo‘lmas, haq alar jonibi edi. Ne uchunkim, Vatandin ikki-uch oychiliq yo‘l kelilib edi. G‘arib qavme bila elning ishi tushub edi. Ne biz alarning tillarini bilur yeduk, ne alar bizning tilimizni” – deb yozadi Bobur.

Harbiy kengash qaroriga ko‘ra, hal qiluvchi jang maydoni sifatida Dehlidan 90 km shimolda joylashgan Panipat shahri atroflari tanlab olinadi. Zero, ushbu shahar atrofi asosan tekis maydondan iborat edi, o‘ng tomonda shahar qo‘rg‘oni, chap tomonda esa Jamna daryosi oqib o‘tardi. Bunday geografik sharoit qo‘shinning erkin harakatlanishi uchun, shuningdek, og‘ir to‘p aravalarning harakatlanishi va joylashuviga ham qulay tabiiy muhit sifatida qaralargan edi: “kengash qilib, ra’ylar munga qaror toptikim, Panipat shahredur, mahallot va uylari qalin, har taraf mahallot va uylar bo‘lur, yana atrofini aroba va to‘ra bila berkitib, tufangandoz va yayoqni aroba va to‘ra orqasida ta’yin qilmoq kerak”.

Bobur qo‘shinning o‘ng qanotini Panipat shahri qo‘rg‘oni bilan imkon qadar
yaqinroq joylashtirishga, uning devorlari bilan tutashtirishga qaror qiladi. Zero,
shaharning mahalla va imoratlari qo‘shinning o‘ng qanotga berishishi mumkin bo‘lgan zarbalarga o‘ziga xos to‘siq sifatida xizmat qilardi. Bobur qo‘shinining eng zaif tomoni esa, to‘pchi-zambaraklar joylashgan markaz hamda qo‘shinning chap qanoti edi. Zero, zarur paytda chekinish uchun og‘ir zambaraklarning harakatlanishi nihoyatda sekin, chap qanotdagi qo‘shinlarga esa, to‘lib toshib oqayotgan Jamna daryosi to‘sqinlik qilishi shubhasiz edi. Shu sababli ushbu taraflardan kelinadigan xavf-xatarlarni bartaraf etish uchun bir qator qurilish-muhandislik ishlari olib boriladi. Jumladan, markazdagi to‘pchilar himoyasi uchun aravalardan tashkil topgan o‘ziga xos mudofaa chizig‘i (istehkom) barpo etiladi. Merganlarga ana shu aravalar va to‘siqlar ortidan dushmanni tinimsiz o‘qqa tutish vazifasi qo‘yiladi:

“farmon bo‘ldikim, jami’ cherik eli faroxo‘ri holig‘a aroba kelturgaylar. Yetti yuz aroba bo‘ldi. Ustod Aliqulig‘a farmon bo‘ldikim, Rum dasturi bila arobalarning orasida zanjir o‘rnig‘a o‘yning xomidin arg‘amchilar yeshib, bir-birig‘a bog‘lag‘aylar. Tufangandozlar bu aroba va to‘ralarning keynida turub, tufang otqaylar”.

So‘l qanotning yonlari bo‘ylab hamda aravalar bilan to‘silmagan joylarda xandaqlar qaziladi, shuningdek, daraxt shohlari, to‘nka va g‘o‘lalar, tikanli butalar yordamida turli sun’iy to‘siqlar hosil qilinadi. “Boburnoma” ma’lumotlariga ko‘ra, Bobur qo‘shinining yasoli, ya’ni jangovar tartibi quyidagicha edi

Markaz (g‘ul, qalb)da shaxsan Boburning o‘zi, oliy jangovar bayrog‘i bilan
qo‘mondonlik qilardi. Markazning o‘zi ham o‘ng va chap “qo‘l”lar bilan
mustahkamlanadi. Har bir qo‘lda 7 ta bo‘linmadan iborat maxsus qism tashkil etiladi
va ularga tajribalari amirlar tayinlanadi. Jumladan, G‘ulning o‘ng qo‘lida – Chin
Temur Sulton, Sulaymon mirzo, Muhammadiy ko‘kaldosh, Shoh Mansur barlos, Yunus Ali, Darvesh Muhammad sorbon va Abdullo kitobdor; G‘ulning so‘l qo‘lida – Xoja Xalifa, Xoja Mirmiron, Ahmadiy parvonachi, Turdibek, Qo‘chbek, Muhib Ali Xalifa va Mirzobek tarxonlar joy oladi. O‘ng qanot (barong‘or)da – Boburning o‘g‘li Humoyun mirzo, Xoja Kalon, Sulton Muhammad do‘ldoy, Hindubek, Vali xazinachi va Pirquli Siystoniy boshchilik qilardi.

Chap qanot (javong‘or)da – Muhammad Sulton mirzo, Mahdiy Xoja, Odil Sulton, Shoh Mir Xusayi, Sulton Junayd barlos, Qutluqqadam, Jonibek, Muhammad baxshi va Shoh Husayn Yorakiy mo‘g‘ul tayinlanadi. To‘lg‘ama manevrini amalga oshirish uchun, har ikki qanotning chetida mo‘g‘ullardan iborat yengil qurollangan maxsus otliq bo‘linmalar – qunbul (Bobur, bu qismlarga “burong‘or va javong‘orning uchi” atamasini beradi) tashkil etiladi. Uning vasifasiga “g‘anim kishisi yovuq kelgach, bu ikki bo‘lak to‘lg‘ama o‘ng qo‘ldin, so‘l qo‘ldin g‘animning orqasig‘a yevrulgaylar”, ya’ni dushman paydo bo‘lgach, uni o‘ng va chap tomondan chetlab o‘tib, orqa tomondan kuchli zarbalar berib, dushmanni markazga siqib borishi lozim edi. Shunga ko‘ra, o‘ng qanotning qunbulida – Vali Qizil, Malik Qosim va Bobo Qashqa tayinlanadi.
Chan qanotning qunbuli (javong‘orning uchi)da – Qaroko‘zi, Abulmuhammad
nayzaboz, Shayx Jamol barin, Mahdiy va Tengriquli Pishag‘iy mo‘g‘ul boshchilik
qiladilar.

Irovul (avangard)da – Xisrav ko‘kaldosh va Muhammad Ali jang-janglar
qo‘shinning oldingi safidan joy oladilar. Tarh (rezerv qo‘shinlari)da – Abdulaziz miroxo‘r boshchiligidagi zahira qo‘shinlari zarur holatlarda har ikkala qo‘l va qanotga ko‘mak berishga tayyor edi. Bu qo‘shinlarni Bobur o‘ng qanotga yordamga jo‘natganini eslatadi: “G‘animning qorasi ko‘runganda, burong‘or sari mayli ko‘prak edi, bu jihattin Abdulaziznikim, tarhqa muayyan edi, barong‘org‘a ko‘mak yiborildi”.

Mudofaa chizig‘i. Qo‘shinning old qismini himoya qilish maqsadida, butun
qanotlar bo‘ylar 700 ta (aroba) aravalardan iborat o‘ziga xos mudofaa chizig‘i, himoya istehkomi tashkil etiladi. Aravalarning old tomoni, fil va otliqlarga qarshi qo‘yilgan uzun nayza va tikanli shox va yog‘och to‘siqlar bilan himoyalanadi. Bu to‘siqlar ayni vaqtda aravalarni dushmandan yashirish uchun o‘ziga xos niqob (maskirovka) vazifasini ham o‘taydi. Har ikki aravalardan keyin 6-7 ta yog‘och to‘ralar ya’ni to‘siq (shit) va temir qalqonlar o‘rnatiladi, ular bir birlari bilan mol terisidan to‘qilgan arqonlar bilan bog‘lanib mustahkamlanadi. Zero, bu arqonlar birinchidan, bostirib kelayotgan jangovar fillar hujumini mumkin qadar to‘xtatib qo‘yishga, ikkinchidan esa, orqadagi asosiy qo‘shinni safni buzmasdan, jang maydonida tartibli harakatlanishini ta’minlab berardi.

Mudofaa istehkomining ba’zi joylarida, orqadagi qanot qo‘shinlar harakati uchun 100–150 otliq o‘ta oladigan darajada bo‘sh maydonlar qoldirilgan: “Har bir o‘q otimi yerda yuz-yuz ellik otliq chiqqudek yerlar qo‘yuldi”. Arava va qalqonlar ortida o‘qotor askarlar – kamonchi (tirkash), miltiqchi, ra’dandoz va to‘fangdozlar guruhi joylashtirilib, dushmanni usluksiz o‘qqa tutishdan iborat bo‘lgan.

To‘pchi-farangilar (artileriya) bo‘linmasiga Rumlik (ya’ni turkiyalik)
mutaxasislar Ustod Aliquli va Mustafo Rumiy boshchiligidagi to‘pchilar (“farangi
zarbzanliq arobalari qurib”) mudofaa chizig‘i (aravalar) ortida joylashtiriladi. Ular
ayni vaqtda, miltiqchi va to‘fangdozlar guruhiga ham umumiy rahbarlik qilgan. Mazkur to‘pchilarga “Rum dasturi” (ya’ni turklar usuli) asosida artilleriyani joylashtirish va jang mobaynida raqibga muntazam to‘p otib, dushman safini buzish orqali lashkarlarni tuzg‘itib yuborish vazifasi qo‘yiladi. Aytish mumkinki, Boburning bunday jangovar yasoli, ayni vaqtda, dushmanni zarur paytda qurshab olishga, uni qopqonga tushirib, pistirmadan turib yakson qilishga qaratilgan puxta rejasi ham edi.

Dehli Sultoni Ibrohim Lo‘diy qo‘shinining jangovar tartibi tarixchilar
tomonidan ta’riflanmagan bo‘lsa-da, ammo ularning yakdil fikriga ko‘ra, uning qo‘shini 1 lak, ya’ni 100 000ga yaqin askar va 2 000ga yaqin jangovar fillarga ega bo‘lgan. Mirzo Muhammad Haydar Hindiston qo‘shinining soni bir lakdan ziyod ekanini qayd etadi, Boburning qizi Gulbadanbegim esa hindlarning 180 ming otliq hamda 1500 ta jangovar fillar bilan jangga kirganini ta’kidlaydi. Bobur esa, yuqorida aytib o‘tilganidek, 10-12 minggacha askarga ega edi, xolos.

Hindiston qo‘shinining tuzilishi, an’anaviy tarzda – avangard, o‘ng va chap
qanotlar hamda markaz qo‘shinlaridan iborat bo‘lgan. Sultonning eng asosiy quroli
uning jangovar fillardan tashkil topgan qismlari hisoblanardi. Shuning uchun,
Ibrohim Lo‘diy bu jangovar fillarni qo‘shinning eng oldingi safiga – avangardga
joylashtiradi.

Jangovar fillar asosan otliqlarga qarshi ishlatilgan, chunki ot fillar hayqirig‘idan qo‘rqib ortga chekinar va o‘z chavandozini ag‘darishga harakat qilar edi, shu sababli jang maydonida suvoriylarning hujumkor shiddati to‘xtalib qolinardi. “Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralarda o‘sha davrdagi Hindiston armiyasidan mavjud bo‘lgan jangovar fillarning tasvirlari berilgan. Jangovar fillar, uning xartumidan tortib butun tanasi bo‘ylab, odatda, turli hashamatli bezaklar bilan bezatilgan zirhlar bilan qoplanar edi. Zirhlar asosan teri-charm va temir plastinkalar bilan qoplangan bo‘lgan. Bunday zirhlar hind manbalarida “gadjagaxa”, sharq manbalarida esa “kajim” yoki “xajhul” deb nomlangan.

Har bir jangovar fil bo‘linmasi qo‘mondon buyruqlarini yetkazish uchun, burg‘u va nog‘ora hamda boshqa ishora bayroqlariga ega bo‘lgan. Fillar, o‘z ustida, nayza va kamon bilan qurollangan to‘rttagacha askarni olib yurishgan. Askarlarni mustahkam o‘rnashishlari uchun fil ustiga yog‘och platforma yoki to‘qilgan savat bog‘langan. Fillarning zaif tomoni, ularning xartumi va oyoqlari edi, shu sabab, yerda ham yana bir nechta askar hayvonni ikki yonida turib, himoya qilib yurishga majbur bo‘lgan. Boz ustiga, hayvon tutun va olovdan qo‘rqardi. Qo‘rqqan, g‘azablangan va qochayotgan fil esa o‘z qo‘shinlari uchun yanada xavfliroq edi. Fillardan iborat avangard ortidan piyoda askarlar, undan keyin suvoriylar
joylashgan. Qo‘shinning ikki chetida, qoida tariqasida, o‘ng va chap qanot qo‘shinlari o‘rin oladi. Markazda esa, Sulton Ibrohimning o‘zi xos lashkarlari bilan qo‘mondonlik qilar edi.

Jangning boshlanishi. 1526-yilning 12-aprelda Bobur qarorgohida barcha
harbiy tayyorgarlik ishlari yakunlanadi, biroq Bobur nazdida, Sulton Ibrohim
o‘rdasida ikkilanish, urushga hozirlik ishlari sust kechayotgandek tuyuladi.
Dushmanni faol harbiy harakatlarga undash maqsadida, Bobur, bek va amirlarining
maslahatiga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan uning pozitsiyalariga kichik-kichik guruhlarni
jo‘natib, hujum qilib ko‘radi. Bu kamonchi guruhlar tunda ham faollik ko‘rsatib,
kutilmaganda dushman qarorgohida sarosima va vahima uyg‘otishga harakat qiladi:
“Oz-oz kishimiz borib, doirasig‘acha qalin kishilariga o‘q qo‘yarlar edi… Alar hech
harakate va junbushe qilmaslar edi. Oxir ba’zi …. beklarning ra’yi bila amal qilib, … to‘rtbesh ming kishini shabixung‘a yiborduk. … Tong otib, yoruq bo‘lg‘uncha g‘animning doirasining yaqinida edilar, g‘anim kishisi naqoralarini choldurub, fillar bila yasab chiqtilar”.

1526-yil 21-aprelda, erta tongdan har ikkala tomon qo‘shinlari Panipat
maydonida jangga tayyor holatda saf tortib turardi. Ushbu tarixiy jang, karnay va
burg‘ular sadosi ostida, Bobur istaganidek, Sulton Ibrohim qo‘shinining harakati bilan
boshlanadi. Son jihatidan Bobur qo‘shinidan 10 barobarlik ustunga ega bo‘lgan hind qo‘shinining eng oldingi saflarida jangovar fillar (“fil chenarlar”) markazga qarab harakatlanib kela boshlaydilar, uning ortidan esa, sultonning asosiy kuchlari Bobur qo‘shinining markaziy qismiga zarba berishni boshlaydilar. Biroq, Boburning mudofaa chizig‘iga yaqinlashganda, Sulton qo‘shini kutilmaganda, to‘xtab qoladi. Bobur vaqtni boy bermay, qo‘shin sardorlariga dushmanga qarata baravariga to‘p va zambaraklardan, kamon va miltiqlardan shiddatli ravishda o‘q uzishni buyuradi. Zambarak to‘plarining portlashlari butun jang maydonini olov va chang-to‘zonga aylantirib yuboradi. Kamonchilarni olovli o‘qlari ham dushman ustiga yomg‘irdek
yog‘ila boshlaydi. Bostirib kelayotgan fillar, saflarini buzib, o‘z askarlarini toptagan
holda, tartibsiz ravishda ortga chekina boshlaydi. Sultonning o‘ng va chap qanotlari
harakatga kelib, hujumga o‘tadi. Asosiy zarbalar Boburning o‘ng qanotiga tushadi.
Barong‘orni mustahkamlash maqsadida, Bobur Abdulaziz mirohur boshchiligidagi
zahira (tarh) qo‘shinlarini safarbar qilishga majbur bo‘ladi: “Abdulaziznikim, tarhqa
muayyan edi, burong‘org‘a ko‘mak yiborildi”.

Chap qanotlarda ham vaziyat yaxshi emas edi, uni ham ortida turgan markazning chap “qo‘li” yordamida mustahkamlashga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, Bobur Sulton Ibrohim hujumini qaytariga muvaffaq bo‘ladi va endilikda tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘zi ham tezkor qarshi hujumga o‘tishni boshlaydi. To‘lg‘ama (o‘rab olish amaliyoti)ga mas’ul bo‘lgan har ikki qanotning qunbuli tezlikda dushmanni orqa tomoniga o‘tib, o‘rab oladilar va kuchli zarbalar bilan dushmanni markazga, ya’ni zambaraklar va miltiqchilar ta’sir doirasi tomon siqib kela boshlaydilar: “Farmon bo‘ldikim, to‘lg‘amag‘a ta’yin bo‘lg‘on kishi o‘ng qo‘ldin, so‘l qo‘ldin g‘animning orqasig‘a yevrulub, o‘q qo‘yub, urushqa mashg‘ul bo‘lg‘aylar… To‘lg‘ama kishisi orqasig‘a yevrulub, o‘q qo‘ya kirishtilar… Mustafo to‘pchi ham g‘ulning so‘l qo‘lidin aroba ustidag‘i zarbzanlar bila yaxshi zarbzanlar otti”.

Boburning o‘ng va chap qanotlari – barong‘or va javong‘or qo‘shinlari ham
dushman qanotlariga zarba bera boshlaydilar: “Burong‘or, javong‘or ham yurub, g‘anim bila tegishgaylar”.

Chin Temur Sulton va Xoja Xalifa boshchiligidagi markazning o‘ng va chap “qo‘l”lari esa qanotlarga ko‘mak berib, dushmanning markaziy qismiga hujum qiladilar: “Javong‘ordin Mahdiy Xoja burunroq tegishti. Mahdiy Xojaning o‘trusig‘a bir favj bir fil bila keldi. Bular ham qalin o‘q qo‘yub, ul favjni yondurdilar. Javong‘org‘a ko‘mak g‘uldin Ahmadiy parvonachi va Turdibek Qo‘chbek va Muhib Ali xalifani yiborildi. Burong‘orda ham urush qoyim bo‘ldi. Muhammad Ali ko‘kaldosh va Shoh Mansur barlos va Yusuf Ali va Abdullog‘a farmon bo‘ldikim, g‘ulning olida ro‘baro‘din yurub, urushqka mashg‘ul bo‘ldilar”.

Jang vaqtida Bobur o‘z lashkarboshilariga aniq va tezkor buyruqlar berar, uning o‘ziga ham ayni vaqtda, markaziy safda turib jang qilar edi. Temuriylar qo‘shinining zahiradan tortib barcha qismlari urush maydonida dushman qarshiligini sindirishga, matonat va jasorat bilan jangga kirishgan edilar. Qamalda qolib ketgan hind qo‘shini esa, na olg‘a siljib, qarshisidagi raqibni yengishga va na jang maydonidan qochishga imkon topa olardi: “Burong‘or, javong‘or va g‘ul va to‘lg‘ama g‘animning girdo-girdini olib, shiba qo‘yub, bajid urushqa mashg‘ul bo‘ldilar. Bir-ikki qatla javong‘or, burong‘or sari qisqa-qisqa hamlalar qildilar. Bizning kishi o‘q qo‘yub, shiba zarbi bila yana g‘ulig‘a tiqtilar”.

Sulton Ibrohimning qo‘shinlarni boshqarish borasidagi tajribasizligi tufayli,
uning o‘ng va chap qanotlari asosiy markaz qo‘shinlari bilan aralashib ketadi.
Jangchilarning tartibsiz harakatini jang maydonida tizimli boshqarish butkul izdan
chiqqan edi. “G‘animning o‘ng qo‘li va so‘l qo‘li bori bir yerda yig‘ilib, andoq tiqilish bo‘ldikim, ne ilgari kela oldilar, ne qochg‘ali yo‘l topa oldilar”, – deb eslaydi Bobur.

Darhaqiqat, Boburning o‘ng qanot, chap qanot, markaz va to‘lg‘ama qismlari
dushmanni har tomondan o‘rab olib, borgan sari markazga siqqib borar, to‘pchi va
miltiqchilar guruhi esa ular ustiga tinimsiz tosh, olov va o‘qlar yog‘dirardi. Shu tariqa jang taqdiri temuriylar foydasiga hal qilingan edi. Tongda boshlangan urush tushgacha davom etadi va oxir-oqibat Boburning yaqqol g‘alabasi bilan yakun topadi. Panipat maydonida Boburning taxminicha, dushmanning 10-15 ming qo‘shini o‘ladi, biroq, keyinroq ma’lum bo‘ladiki, 40-50 ming qo‘shin nobud bo‘lgandi, omon qolganlari esa tevarak atroflarga qochib ketishga erishadilar. Bu urushda Sulton Ibrohimning o‘zi ham halok bo‘lgan edi. Uning jasadi sultonning 5-6 minglik xos navkarlari orasidan topiladi.

“Oftob bir nayza bo‘yi chiqib edikim, urush angizi bo‘ldi. Kun tushgacha zarb urush edi. Kun tush bo‘la a’do mag‘lub va maqhur va ahibbo mubtahij va masrur bo‘ldilar. Tengri taolo fazl va karami bila mundoq dushvor ishni bizga oson qildi va andoq qalin cherikni yarim kunda andoq yer bila yakson qildi. Besh-olti ming kishi Ibrohimning yaqinida bir yerda-o‘q qatlg‘a yetibturlar. O‘zga har yerda o‘lganlarni bu ma’rakada o‘n besh-o‘n olti ming taxmin qilur yeduk. So‘ngra Agraga kelganda, Hinduston eli takriridin andoq ma’lum bo‘ldikim, qirq-ellik ming kishi bu ma’rakada o‘lgan ekandur”, – deb eslaydi Bobur.

“Tarixi salotini afg‘oniy” asarining muallifi Ahmad Yodgorning xabar berishicha, Bobur Sulton Ibrohimning o‘limidan xabar topib, uning jasadi yotgan joyga borib, boshini egib: “Jasoratingizga shon-sharaf bo‘lsin, Ey Ibrohim!”, – deb kuyungani, so‘ngra uni podshohona sharaf bilan dafn qilishga buyurganini eslatadi.

“Tarix-i Dovudiy” va boshqa ayrim manbalarda So‘lton Ibrohimning o‘limi haqida turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, manbalarda Ibrohim Lo‘diy jang maydonidan qochib, Jamna daryosida cho‘kib ketgani, yoki Panipat jangidan keyin yana bir yil yashagani kabi turli xabarlar qoldirilgan. Biroq, bu xabarlarning barchasi ishonchsizdir. “Boburnoma”da keltirilishicha, haqiqatdan ham Sulton Ibrohim ushbu jangda halok bo‘lgan edi, uning jasadi Boburning amiri Tohir Tabariy tomonidan aniqlanib, podshoh huzuriga keltirilgan edi. Panipat jangidan so‘ng, sultonlik g‘aznasidagi xazinalarning talon-toroj qilinishini oldini olish maqsadida, tezlikda Dehli va Agra ham egallanadi. Ayni shu davrda Gvalior hokimi mashhur “ko‘hinur” olmosini Humoyunga taqdim etadi. 1526-yil 24-aprelda Boburning zafarli qo‘shinlari poytaxt Dehli darvozasidan tantanali kirib keladi. Bu yerda u Shayx Nizom avliyo va Xoja Qutbiddin mozorlarini ham ziyorat qiladi. 27-aprelda esa, shaharning jome’ masjidlarida ustozlari bo‘lmish Mavlono Mahmud va Shayx Zayn tomonidan Bobur nomiga xutba o‘qilib, shukronalik namozi ado etiladi, mahalliy aholiga turli ehsonlar ulashiladi. Shuningdek, Bobur bu yerda o‘z nomidan “Al-Sulton al-a’zam val hoqon ul-mukarram Zahiriddin Muhammad Bobur podshohi Sulton g‘oziy, holadollohu mulkahu va saltanahu” yozuvlari tushirilgan tangalar ham zarb etadi. Bu Hindistonning fath etilishi va endilikda uning saltanati tarkibiga kiritilganligidan dalolat berardi.

Boburning Sulton Ibrohim ustidan ishonchli g‘alaba qozonishining sabablari nimada edi? Manba va tadqiqotlarda Dehli sultoni qo‘shinlarining mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan omillarning xolisona tahlili yo‘q. Bir qator tadqiqotchilar Panipat janggi natijalarini umumlashtirish bilan cheklanib, Ibrohimshoh mag‘lubiyatini uning harbiy iste’dod darajasining pastligi bilan izohlaydilar. Shubhasiz, jang natijasi, asosan, Boburning harbiy san’ati, uning to‘g‘ri tanlangan taktika va strateriyasi, jumladan, qo‘shinlarning istehkomlar zanjiri ortida mohirona joylashishi, tezkor qanot zarbalari (to‘lg‘ama) hamda o‘z davrining ilg‘or zamonaviy o‘qotar qurollaridan unumli foydalanganligi bilan bog‘liq. Hind qo‘shinining tartib-intizom borasidagi jangovar fazilatlari bo‘yicha, Bobur qo‘shinidan yaqqol pastligi ham sabab bo‘lgan edi.

Ibrohimshohning o‘z kuchiga haddan tashqiri ishonishi, manmanlik va tug‘yon botqog‘iga tushishi natijasida, raqibi bo‘lmish Boburning kuch-qudratiga yetarli baho berolmay qoldi. Lekin asosiy sabab, shubhasiz, Dehli sultonligida yuzaga kelgan siyosiy inqiroz, oliy hukmdor hokimiyatining zaiflashishi ham o‘z ta’siri ko‘rsatmay qolmadi, albatta. Shunday bo‘lsa ham Bobur, hind armiyasiga, xususan Sulton shaxsiyatiga bahoberar ekan, agar xohlasa, Sulton Ibrohim yanada ham ko‘proq askar yollashi mumkinligi, ammo ziqnaligi va molu-davlatga berilganligi tufayli, hal qiluvchi jang oldidan o‘z qo‘shinini ko‘paytirishga, unga kerakli mablag‘lar ajratishga rozi bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

Aftidan, temuriylar qo‘shinining kamligi sabab, shundoq ham ko‘p sonli qo‘shinni yollanma askarlar – “badhandiy”lar hisobiga yanada to‘ldirishga, Sultonda zarurat tug‘ilmagan ko‘rinadi. Boburning o‘zi ham mazkur g‘alabasini iste’dodi, shaxsiy mahorati va tajribasidan emas, balki kamtarona tarzda, “taqdirning unga ko‘rsatgan inoyatidan” deb biladi: “Bu hol va bu quvvat bila tavakkul qilib, o‘zbakdek yuz ming qari yog‘iyni orqada qo‘yub, Sulton Ibrohimdek qalin cheriklik va vase’ mulkluk podshoh bila ro‘baro‘ bo‘lduk. Tavakkulimizga yarasha Tengri taolo ranj va mashaqqatimizni zoyi’ qilmay, mundoq zo‘r g‘animni mag‘lub qilib, Hindustondek keng mamlakatni maftuh ayladi. Bu davlatni o‘zumizning zo‘r va quvvatidin ko‘rmasbiz, balki Tengrining mahzi lutf va shafqatidindur va bu saodatni o‘zumizning sa’y va himmatidin bilmasbiz, balki Tengrining ayni karam va inoyatidindur”.

Garchi Sulton Ibrohimning armiyasi son jihatdan ko‘p va qudratli bo‘lgan
bo‘lsada, biroq uning siyosatidan norozi bo‘lgan lashkarboshilar ko‘p edi, ular tez-tez itoatsizlik ko‘rsatib, markaziy hokimiyatga bo‘ysinishni istashmasdi. Tinimsiz urushlar oddiy xalq turmush hayotini yanada og‘irlashtirib, ularning hukumatga qarshi norozilik qo‘zg‘olonlariga ham sabab bo‘lar edi. Bularning bari, ohir oqibat, saltanatning yemirilishiga, uning harbiy qudratiga putur yetkazmay qo‘ymadi. Bu vaziyatda Boburning Panipatdagi g‘alabasi Shimoliy Hindistonda, Dehli sultonligining salkam 300 yillik tarixiga yakun yasab, Lo‘diylar sulolasi hukmronligiga chek qo‘ygan so‘nggi zarba bo‘ldi.

Haqiqatdan ham, Panipat jangi nafaqat Hindiston tarixida, balki Boburiylar
hayotida ham o‘ta muhim voqea bo‘lgan edi. Ushbu jang Boburning buyuk sarkarda
sifatidagi iqtidorini yaqqol namoyon etdi va unga katta shuhrat keltirdi.
Uning son
jihatdan juda katta dushman qo‘shinini oz sonli lashkar bilan tor-mor qilgani jahon
harbiy san’at tarixidan o‘rin olgan. Bu jangda o‘z davrining zamonaviy qurolaslahalaridan, hususan, yangi o‘tochar qurollar, artileriya va harbiy taktika san’atidan unumli foydalanilgan. Ushbu jang tufayli Amir Temur va Temuriylarning jang san’atini yana bir bor Bobur misolida, butun dunyoga namoyon etishga xizmat qildi. Panipat jangidan keyin ham, Bobur yanada og‘irroq bo‘lgan janglarni boshidan kechiradi. Rona Sango boshchiligidagi Rajputlar konfederatsiyasiga qarshi navbatdagi urush 1527-yil 16-martda Agra shahridan 60 km g‘arbda joylashgan Konva (Kxanva) shahri yaqinida yuz bergan edi. Tarixda “Konva jangi” bilan mashhur bo‘lgan mazkur jang ham Boburning to‘liq g‘alabasi bilan yakunlanadi.

Boburning ushbu g‘alabalari natijasida, butun Shimoliy Hindiston ustidan
Temuriylar sulolasining nazorati o‘rnatiladi, bu yerda uzil-kesil yangi hokimiyat
o‘rnatiladi va Amir Temur asos solgan Temuriylar davlatining davomchisi sifatida,
yangi buyuk imperiyaga – Boburiylar saltanatiga (1526-1857) asos soladi.

Azizjon SHARIPOV,
O‘zRFA “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i