Chirchiqda “Eng ilgʻor batalyon (divizion)” koʻrik-tanloviga start berildi

0
3055

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida Mudofaa vazirligi miqyosida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Eng ilgʻor batalyon (divizion)” koʻrik-tanloviga start berildi. Ayni vaqtda Toshkent harbiy okrugining tegishli boʻlinmalari tanlov shartlarini bajarishga kirishgan.

Koʻrik-tanlovning tantanali ochilish marosimlarida Mudofaa vazirligi ma’sul ofitserlari, okrug qoʻmondonligi, harbiy qismlarning shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tanlov davomida harbiy xizmatchilarning tegishli hujjatlari, ularga biriktirilgan qurol-aslahalar va safar anjomlari tekshirildi. Shuningdek, test sinovlari orqali ishtirokchilarning nazariy bilimlarini sinovdan oʻtkazish va vzvod shaxsiy tarkibining jismoniy tayyorgarligi qisqa va uzoq masofaga yugurish, tosh koʻtarish, turnikda tortinish kabi mashqlarda aniqlandi.

Endilikda dala-oʻquv maydonlarida harbiy xizmatchilarning merganlik mahoratlarini aniqlash maqsadida qurollar, jangovar va zirhli texnikalardan belgilangan nishonlarga oʻq otish sharti boʻyicha nazorat sinovlari oʻtkaziladi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati